Soliq mavzusi yosh iste’dod ijodida
Yurtimizda yosh avlodni bilimli, tashabbuskor va ijodkor etib tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Soliq qo‘mitasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan “Soliq bilimlari — yosh avlodga” tanlovi yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim maydon bo‘ldi.
Tanlovning respublika final bosqichida 5-7-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Soliqlar mavzusining suratlarda tasviri” yo‘nalishida Mirzaobod tumani 1-sonli maktab o‘quvchisi Asilbek Safarov o‘zining noyob ijodiy yondashuvi va ranglar orqali fikr ifodalash mahorati bilan faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uning ijodiy ishlarida soliq tizimi va jamiyat taraqqiyoti o‘rtasidagi bog‘liqlik bolalar nigohida sodda, biroq mazmunan chuqur tarzda aks etgani e’tirof etildi.
Yosh iste’dodning yutug‘i munosabati bilan uning ilk shaxsiy ko‘rgazmasi Sirdaryo viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etildi. Viloyat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu tadbir nafaqat ijodiy ko‘rgazma, balki yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini namoyon etishga qaratilgan muhim ma’naviy loyiha sifatida baholandi.
[gallery-29282]
Tadbirda viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati, tegishli bo‘lim va shu’ba boshliqlari, hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ular yosh rassom ijodiga yuksak baho berib, uning asarlarida soliq madaniyati, adolat tamoyillari hamda iqtisodiy jarayonlarning o‘ziga xos talqini aks etganini ta’kidladilar.
Ko‘rgazma doirasida Asilbek Safarovning rang-barang va mazmunli ijodiy ishlari namoyish etildi. Har bir asarda u soliq tushunchasini yoshlarga xos tasavvur va badiiy uslubda ifodalashga muvaffaq bo‘lgan.
Tadbirning eng qiziqarli qismi sifatida o‘tkazilgan auksion savdosida 10 ta ijodiy ish ishtirok etdi. Undagi asarlar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan xarid qilinib, yosh ijodkor uchun qo‘shimcha moddiy va ma’naviy rag‘bat bo‘ldi.
– Mazkur tashabbus bir tomondan soliq sohasiga oid bilimlarni keng ommalashtirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan yosh iste’dodlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashning amaliy namunasi sifatida e’tirof etiladi. Asilbek Safarov kabi iqtidorli yoshlarning ijodi kelajakda yurtimiz ma’naviy va madaniy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz, – deydi ko‘rgazmada ishtirok etgan Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA