Zamonaviy armiya: Nukus garnizonida bayram tadbiri
Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyati, tezkor boshqaruv tizimi, uzluksiz aloqa va xavfsiz axborot almashinuvi zamirida aynan fidoyi harbiy aloqachilar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislarining mashaqqatli mehnati mujassamdir.
Shu munosabat bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda 7-May axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlarining kasb bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan bayram tadbiri yurt himoyachilariga bo‘lgan yuksak e’tibor va ehtiromning yana bir yorqin ifodasiga aylandi.
Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash, qo‘shinlarni zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan ta’minlash, harbiy boshqaruv tizimlarini takomillashtirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlarining o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlandi.
[gallery-29287]
Ayniqsa, harbiy aloqachilarning sergaklik bilan olib borayotgan xizmatlari tufayli qo‘shinlarda uzluksiz aloqa ta’minlanib, jangovar shaylik yuksak darajada saqlanayotgani e’tirof etildi. Raqamlashtirish jarayonlarining izchil amalga oshirilayotgani, ilg‘or texnologiyalarning harbiy tizimga keng joriy qilinayotgani mamlakat mudofaa qudratini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani faxr bilan tilga olindi.
Tantanali tadbirda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, sohada yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar tizimi xodimlari faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiriga Nukus garnizoni harbiy orkestrining jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari alohida fayz bag‘ishladi. Xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan Vatan, sadoqat va jasoratni madh etuvchi qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tadbirning unutilmas taassurotlar bilan o‘tishiga xizmat qildi.
Darhaqiqat, zamonaviy texnologiyalar asrida harbiy aloqachilar va AKT sohasi mutaxassislari armiyaning “ko‘rinmas qalqoni”, tezkor boshqaruvning mustahkam tayanchi hisoblanadi. Ularning fidokorona mehnati, kasbiga bo‘lgan sadoqati va mas’uliyati tufayli mamlakatimiz Qurolli Kuchlari yanada qudratli, zamonaviy va har qanday sinovlarga tayyor bo‘lib bormoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.