Sohibqiron saroyida baxshilar qanday vazifani bajargan?
Qadimgi bitiklarda baxshi atamasi o‘ta teran mazmun tashigan va davlatchilikning muhim ustuni sanalgan. Bu so‘z sanskrit tilidagi “bo‘t”, “bag‘”, “baxt” o‘zaklaridan shakllangan. Dastlab u yaratganning sirlaridan ogoh etuvchi degan ma’noni anglatgan. Vaqt o‘tishi bilan mazkur tushuncha turkiy xalqlar hayotida butunlay yangicha qiyofa kasb etdi.
O‘sha kezlari baxshi deganda xattotlik, tarix, musiqa va tabobat ilmlarini egallagan ziyolilar tushunilgan. Mo‘g‘ullar hukmronligi davriga kelib, bilimdon uyg‘ur baxshilari davlat devoni ishlariga keng jalb etildi. Ular boshqaruv tizimining ajralmas qismiga aylandilar. Natijada, baxshilik mansabi moliyachi va mohir bitikchi kabi qator ma’muriy vazifalarni qamrab oldi. Erondagi oqqo‘yunli va qoraqo‘yunlilar hamda Hindistondagi boburiylar saroyida vazirlarni aynan baxshi deb atashgan. Butun boshli vazirlik esa baxshigariy nomi bilan yuritilgan.
O‘zbek davlatchiligi tarixida, xususan, Amir Temur saroyida baxshilar g‘oyat muhim o‘rin tutgan. Ular shunchaki kotib emas, balki hukmdor faoliyatini kunma-kun yozib boruvchi sadoqatli solnomachilar hamedi. Sohibqiron tarixiy voqealarning haqqoniy bayon etilishiga qattiq talab qo‘ygan. Odatda aksariyat saroylarda tarixchilar hukmdorni maqtashga intilgan. Ammo Amir Temur soxta obro‘dan voz kechib, kelajak avlodga sof haqiqatni qoldirishni maqsad qilgan. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy o‘z bitiklarida buni alohida qayd etadi. Olimning yozishicha, baxshi va kotiblar mamlakat ahvolidagi har bir o‘zgarishni to‘la-to‘kis qog‘ozga tushirgan. Ularga har qanday voqeani zarracha o‘zgartirmay yozish qat’iy buyurilgan. Sodir bo‘lgan hodisalarni oshirib ko‘rsatish yoki kamaytirish qat’iyan man etilgan. Aslida nima ro‘y bergan bo‘lsa, faqat o‘sha haqiqat moziy sahifalariga muhrlanishi shart edi. Bu Temuriylar davrida tarixnavislik maktabi yuksak darajaga ko‘tarilganini isbotlaydi.
Noma’lum muallif tomonidan 1427-yilda yozib tugallangan “Mu’izz ul-ansob” (“Hurmatli kishilarning nasabnomasi”) asarida Sohibqironning shaxsiy solnomachilari haqida qimmatli ma’lumot keltirilgan. Amir Temur saroyida uch nafar turk baxshisi doimiy faoliyat yuritgan. Ular Elarta, Saynorta va Temurchaqar ismli yetuk bilim egalari edi. Mazkur saroy mulozimlari barcha bitiklarni sof turkiy tilda yozib borganlar. Turkiy til qo‘shin boshqaruvining asosiy vositasi sanalgan. Ularning kundaliklari keyinchalik fors tilida yaratilgan yirik asarlar uchun poydevor vazifasini o‘tadi. Masalan, G‘iyosiddin Ali tomonidan 1399-yilda yozilgan “Hindistongayurish kundaligi”asari shu bitiklarga asoslangan. Nizomiddin Shomiyning 1404-yilda va Sharafuddin Ali Yazdiyning 1425-yilda yaratilgan “Zafarnoma” asarlari ham ushbu turkiy manbalardan oziqlangan. Shu uch baxshining mehnati tufayli Sohibqironning harbiy yurishlari haqidagi ishonchli dalillar saqlanib qolgan.
Saroyda yaratilgan bitiklarni tasdiqlash jarayoni hayratlanarli darajada puxta va qat’iy edi. Har bir asar dastlab qoralama holida Sohibqironning o‘ziga o‘qib eshittirilgan. So‘ng saroydagi peshqadam olimlar va muarrixlar ishtirokida keng muhokama qilingan. Bu shunchaki o‘qib berish emas, balki keskin ilmiy tahlil va ochiq haqiqat sinovi edi. Yig‘ilishda qatnashgan har bir guvoh voqealarning qanday kechganini tasdiqlashi talab etilgan. Asar faqatgina hammaning yakuniy tasdig‘idan o‘tgandan keyingina maxsus kotiblarga topshirilgan. Ular bu benuqson matnni asl nusxa sifatida oqqa ko‘chirganlar. Bunday murakkab usul har qanday xatolik yoki yolg‘onning oldini olgan. Amir Temur davridagi bunday ilmiy yondashuv davlat hujjatlarining bebaho qiymatini ko‘rsatadi. Bugungi kun nuqtai nazaridan, bu mas’uliyatli tahrir hay’atining qadimiy va mukammal ko‘rinishidir.
Tarixchi olim Akbar Zamonovning yozishicha, o‘rta asrlarda baxshilik mansabi yana bir qancha muhim ma’muriy vazifalarni ham o‘zida jamlagan. Ba’zi saroylarda yirik ma’muriy binolar qurilishini nazorat qiluvchi amaldorlar ham baxshi deb atalgan. Temuriylar zamonida ham uyg‘ur xatida bituvchi mohir kotiblar va hujjat ishlari bilan shug‘ullanuvchilar shu nom bilan ulug‘langan. Bu mansabning yuksak maqomini Alisher Navoiyning shajarasi misolida ham ko‘rish mumkin. Navoiyning bobolari va otasi davlat saroyida aynan baxshi lavozimida xizmat qilgan. Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarida bu haqda to‘xtalib o‘tadi. Ulug‘ shoirning otasini el orasida “andakkina baxshi” deb atashganini bayon qiladi. Shuning uchun ham Navoiyning otasi tarix sahifalarida G‘iyosiddin baxshi nomi bilan ham muhrlanib qolgan. Bu muhit buyuk shoirning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Bugungi kunda o‘zbek xalqi orasida baxshi deganda, qahramonlik dostonlarini kuylovchilar tushuniladi. Biroq bu atamaning tarixiy tomirlari juda teran, ilmiy va ma’muriy ahamiyatga ega. Ulug‘ ajdodlarimiz hukm surgan qudratli saltanatda baxshilar haqiqatning sodiq posbonlari va millat xotirasini saqlovchilar bo‘lgan. Amir Temurdek buyuk jahongirning tarix oldidagi mas’uliyati va haqiqatga bo‘lgan hurmati har birimizga ulkan g‘urur bag‘ishlaydi. Moziyning har bir sahifasi ortida ana shunday zakovat va qat’iy tartib mujassam. Bu esa o‘zbek davlatchiligining poydevori naqadar mustahkam ilmiy asoslarga qurilganini yana bir bor isbotlaydi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA