Sohaviy kadrlar tayyorlashda ta’lim va amaliyot uyg‘unlashtiriladi
Bugungi kunda texnik jihatdan tartibga solish sohasi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayonda oliy ta’lim muassasalari hamda soha tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, talabalarni amaliyotga keng jalb etish va ular uchun zamonaviy laboratoriya bazasidan foydalanish imkoniyatlarini yaratish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Navoiy innovatsiyalar universitetida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamda Standartlar institutining Surxondaryo filiallari rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda universitet va soha tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarni ishlab chiqarish va sohaviy amaliyotga jalb etish, ilmiy-amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish hamda soha mutaxassislari ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, talabalar va tadqiqotchilarning zamonaviy laboratoriya hamda o‘lchash uskunalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va sifatni boshqarish yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida ta’lim jarayonini sohadagi amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash va ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan bog‘lashga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash, talabalar amaliyotini samarali tashkil etish, ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish hamda sohadagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish borasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Hamroz Bayonov,O‘zA