Sog‘lom hayot va jamoaviy birlik
Yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda ommaviy sportni keng rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport sohasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, har bir tashkilot va mehnat jamoalarida sport muhitini shakllantirish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati soliq xizmati organlarida ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xodimlarning muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom va faol hayot tarzini yo‘lga qo‘yishlari uchun haftaning har juma kuni turli sport musobaqalarini tashkil etish belgilangan.

Shu munosabat bilan mini futbol bo‘yicha “Soliq boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasiga start berildi. Ushbu musobaqada tuman va shahar soliq inspeksiyalari hamda viloyat soliq boshqarmasining jami 14 ta jamoasi ishtirok etmoqda. Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz ruhda kechishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat soliq xizmati organlari xodimlari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha ham musobaqalar tashkil etilmoqda. Bu esa xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, chaqqonlik va epchillik sifatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati soliq xizmati organlarida yo‘lga qo‘yilgan bunday ezgu tashabbuslar kelgusida ham sog‘lom va ahil jamoani shakllantirish, mehnat unumdorligini oshirish hamda sohada yuqori natijalarga erishishga mustahkam zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.