“Jahon chempionati – 2026”: “G” guruhi ishtirokchilari mundialga jiddiy tayyorlanmoqda
Joriy yilning 11-iyunidan 19-iyul sanasiga qadar AQSH, Kanada va Meksikada futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Quvonarli jihati, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba Jahon chempionatiga yo‘llanma olib, dunyo futboli elitasi qatoriga qo‘shildi. Bugun, 26-may kuni erta tongda terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro boshchiligidagi delegatsiya Nyu-York shahriga jo‘nab ketdi.
So‘nggi yillarda qit’adagi saralash bosqichlarida asosiy raqib bo‘lib kelayotgan Eron milliy terma jamoasi ham “JCH-2026” final bosqichiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgani e’tiborga molik.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida siyosiy vaziyat sabab Eron terma jamoasining turnirda ishtirok etish-etmasligi borasida turli mish-mishlar tarqalgan bo‘lsa-da, jamoa hozirda musobaqaga tayyorgarlikni to‘liq reja asosida davom ettirmoqda.
Eron termasi “G” guruhidan joy olgan bo‘lib, ular Belgiya, Misr hamda Yangi Zelandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu guruh bahslari 15–26-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Shu o‘rinda, mazkur guruh a’zolarining saralash bosqichidagi yo‘li haqida eslab o‘tsak.

“G” guruhi ishtirokchilari jahon birinchiligiga turli qit’alarda o‘tkazilgan saralash bosqichlari orqali yo‘l oldi. Yangi Zelandiya terma jamoasi 2024-yil 6-sentabrdan 2025-yil 24-martga qadar Okeaniya futbol konfederatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan saralashda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jamoa “B” guruhidagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, uchinchi bosqichga yuz foizlik natija bilan yo‘l oldi. Keyingi bosqichda esa pley-off yarim finalida Fidjini 7:0, finalda Yangi Kaledoniyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida uchinchi marotaba Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.

“G” guruhi favoritlaridan biri hisoblangan Belgiya terma jamoasi Yevropa saralash bosqichida “J” guruhida ishtirok etib, 8 o‘yinda 5 g‘alaba va 3 durang qayd etgan holda mundialga yo‘l oldi. Ushbu jamoa Jahon chempionatida 15-marta ishtirok etadi. Belgiya terma jamoasining eng yaxshi natijasi bir marotaba qo‘lga kiritilgan bronza medali hisoblanadi.
Misr terma jamoasi Afrika qit’asidagi saralash bosqichining “A” guruhida 10 ta o‘yin o‘tkazib, 8 g‘alaba va 2 durang bilan 26 ochko to‘pladi hamda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu Misr terma jamoasi uchun Jahon chempionatlaridagi to‘rtinchi ishtirok bo‘ladi.

Eron terma jamoasi esa Osiyo mintaqaviy saralashining ikkinchi bosqichida “E” guruhida 14 ochko to‘plab, uchinchi raundga yo‘l oldi. U yerda esa hal qiluvchi bahslarda g‘olib chiqib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi va o‘z tarixida yettinchi marotaba mundial ishtirokchisiga aylandi. Shu bilan birga, 1982-yildagi ishtirokdan voz kechilgani inobatga olinsa, bu amalda sakkizinchi Jahon chempionati hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, “G” guruhi bahslari 2026-yil 15-iyun kuni start oladi. Dastlabki turda Belgiya — Misr hamda Eron — Yangi Zelandiya uchrashuvlari o‘tkaziladi.
21-iyun kuni Belgiya — Eron va Yangi Zelandiya — Misr o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. 26-iyun kuni Misr — Eron hamda Yangi Zelandiya — Belgiya uchrashuvlari guruh taqdirini hal etadi.
Barcha o‘yinlar AQSH va Kanada shaharlaridagi zamonaviy arenalarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA