“Smart Safety” tanlovi — “Global Money Week 2026” haftaligining yorqin loyihalaridan biri
Samarqand viloyatida “Global Money Week 2026” doirasida o‘tkazilgan “Smart Safety” ijodiy tanlovi haqiqiy bilim, kreativlik, jamoaviy birdamlik, ahillik va yakdillik bayramiga aylandi.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamkorligida tashkil etilgan ushbu loyiha o‘quvchi yoshlar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish, internet firibgarligi va kiberxavfsizlik bo‘yicha tushunchalarni kengaytirishga qaratildi.

Tanlovda viloyatdagi 10 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidan 100 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Unda 5–11-sinf o‘quvchilari moliyaviy xavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va raqamli tahdidlardan ogoh bo‘lish mavzularini sahna ko‘rinishlari, kreativ chiqishlar hamda interaktiv taqdimotlar orqali yoritib berdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar kreativ sahna ko‘rinishlari, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bilim sinovlari, jamoaviy ishlash va liderlik vazifalari, shuningdek, real hayotdagi moliyaviy xavfsizlik holatlari kabi bosqichlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.

Qatnashchilarning har bir chiqishi tomoshabinlarga bugungi raqamli dunyoda moliyaviy xavfsizlik har bir inson uchun naqadar muhim ekanini yetkaza oldi. O‘quvchilar esa bu mavzuni oddiy targ‘ibot emas, balki zamonaviy teatr, yumor, kreativ sahnalar va jonli obrazlar orqali taqdim etib, barchada katta taassurot qoldirdilar.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘ringa Kattaqo‘rg‘on shahridagi 16-maktabning “Yosh iqtisodchilar” jamoasi loyiq topildi. Ikkinchi o‘rin Samarqand tumanidagi 2-maktabning “Safe IQ” jamoasiga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa Jomboy tumanidagi 25-maktabning “Finova” jamoasi qo‘lga kiritdi.

“Smart Safety” loyihasi nafaqat tanlov, balki yoshlarning bilimini, ijodiy fikrlashini va xavfsiz moliyaviy madaniyatini shakllantiruvchi muhim platformaga aylandi. Bir sahnada jam bo‘lgan jamoalar esa kelajak avlodi naqadar faol, bilimli va zamonaviy fikrlaydigan yoshlar ekanini yana bir bor namoyon etdi.
N.Usmonova, O‘zA