Sirdaryoda Sohibqiron tavalludi keng nishonlandi
Buyuk davlat arbobi, mahoratli sarkarda va markazlashgan davlat asoschisi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tantanalar nafaqat tarixiy merosga ehtirom, balki milliy o‘zlikni anglash hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan muhim ma’naviy harakat sifatida namoyon bo‘ldi.
Bayram shodiyonalari Guliston shahridagi Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab o‘tkazilgan tantanavor harbiy parad bilan boshlandi. Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va bojxona tizimi xodimlarining shaxsiy tarkibi hamda zamonaviy harbiy texnikalar namoyishi mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yaqqol ko‘z-ko‘z qildi. Faxriy qorovul va harbiy orkestrning sadolari ostida o‘tgan tadbir yig‘ilganlarda milliy armiyamizga nisbatan faxr va iftixor tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
Tantanalarning mantiqiy davomi sifatida viloyat musiqali drama teatri maydonida tashkil etilgan qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi va Sohibqiron siymosi aks etgan tasviriy san’at asarlari namoyishi barcha avlod vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, teatr sahnasida namoyish etilgan teatrlashtirilgan bayram dasturi tomoshabinlarni Amir Temur yashagan davr muhitiga qaytardi. Tarixiy obrazlar, xususan, Bibixonim siymosi orqali Sohibqironning irodasi, davlatchilik tafakkuri va buyuk maqsadlari ta’sirchan badiiy bo‘yoqlarda gavdalantirildi.
[gallery-28661]
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi G‘aybulla Yusupov ushbu bayram tadbirlari davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi tegishli qarori ijrosi doirasida yuksak darajada tashkil etilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, tarixchi olim Solijon Qudratov va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Murodjon Hayitovlar o‘z chiqishlarida Amir Temur barpo etgan adolat va tartibga asoslangan boshqaruv tizimi, “Temur tuzuklari” asarining bugungi kun rahbar kadrlari va yosh avlod tarbiyasi uchun ibrat maktabi ekaniga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur tarqoq hududlarni birlashtirib, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idan tortib Bosforgacha bo‘lgan keng sarhadlarda qudratli saltanat barpo etgan. Temuriylar davrida Movarounnahr ilm-fan, madaniyat va me’morchilik markaziga aylanib, jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan. Bugun Sirdaryoda o‘tkazilgan tantanalar mana shu boy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi xayrli ishlardan biridir. Zero, buyuk ajdodlar xotirasini e’zozlash — jamiyatda barqaror ma’naviy muhitni mustahkamlash va Vatanga muhabbat tuyg‘usini yuksaltirishning eng muhim omili bo‘lib qolaveradi.
G‘ulom Primov, Doston Qalandarov (surat), O‘zA