Sirdaryoda DXX kubogi: futbol bayramiga start berildi
Sirdaryo viloyatida yoshlar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda iqtidorli futbolchilarni kashf etishga qaratilgan yirik sport tadbirlaridan biri — Davlat xavfsizlik xizmati kubogining viloyat bosqichiga tantanali ravishda start berildi.
Guliston davlat universitetida o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqa “Sog‘lom yoshlar — Yangi O‘zbekiston kelajagi” shiori ostida tashkil etildi.. Ushbu turnir mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini-futbolni ommalashtirish, jamoaviylik, do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlashda muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i Odil Sherkulov ishtirok etib, musobaqaning yoshlar hayotidagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Ular bunday sport loyihalari yoshlar o‘rtasida hamjihatlikni kuchaytirish, ularni faol hayot tarziga jalb etishda muhim omil ekanini qayd etdilar.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, DXX kubogi seleksiya ishlarini quyi bo‘g‘inlarda tizimli yo‘lga qo‘yishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillarda ushbu turnir orqali Sirdaryo futbol maktabi vakillari respublika va xalqaro maydonlarda ham o‘z salohiyatini namoyon etib kelmoqda. Jumladan, milliy terma jamoa safida Abbosbek Fayzullayev, Ibrohim Halilyo‘ldoshev, Sadriddin Hasanov, Muhammad Hakimov, Azizbek Bo‘liminov kabi futbolchilarning muvaffaqiyatlari ham aynan shu tizim samarasi sifatida tilga olinmoqda.

Turnir tarixi ham e’tiborga molik. O‘tgan yilgi musobaqada Guliston jamoasi futzal bo‘yicha oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, joriy yildagi bahslarda ham viloyat jamoalari yuqori natijalarni qayd etishga intilmoqda.
Musobaqa 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni qamrab olgan bo‘lib, jamoalar orasida kurash yuqori kayfiyat va keskin raqobat ruhida kechishi kutilmoqda. Qur’a tashlash marosimida jamoalar o‘z guruhlaridagi raqiblarini aniqlab oldilar.
Tadbirda so‘z olgan ishtirokchilar ham bu kabi musobaqalar yoshlar uchun katta imkoniyat ekanini, ayniqsa, mahalla darajasida futbol infratuzilmasi yaxshilanishiga turtki bo‘layotganini ta’kidladilar. Jumladan, Yangiyer shahrining Abdurahmon Jomiy mahallasi jamoasi murabbiyi Farrux Elmurodov DXX kubogidagi g‘alabalar natijasida mahallada zamonaviy stadion qurilib, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini alohida qayd etdi.

– Bu yil ham musobaqada ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz, – deydi u.
Viloyatning turli hududlaridan kelgan jamoalar o‘rtasidagi bahslar qizg‘in davom etmoqda.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, DXX kubogi nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlar o‘rtasida do‘stlik, jamoaviylik va sog‘lom raqobatni mustahkamlaydigan katta sport bayrami hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA