Sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlaydigan narkolaboratoriya fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriya fosh etildi. Hodisa yuzasidan ikki nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlanishicha, Jondor tumanida yashovchi 27 va 29 yoshli ikki nafar fuqaro internet-narkodo‘konda «omborchi» va «kimyogar» vazifalarida ishlagan. Ular Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uy xonadonlaridan birida narkolaboratoriya tashkil etib, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish jarayonida xonadondan umumiy og‘irligi 6 kilogramm 650 gramm bo‘lgan «spays» sintetik narkotik moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, SIM-kartalar, respiratorlar, qo‘lqoplar, zip-paketlar, elektron tarozi va ko‘p miqdordagi tamaki mahsulotlari ham musodara qilindi.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar tomonidan Kogon tumanidagi yashirin joylarga kichik bo‘laklarda yashirib qo‘yilgan yana 4 kilogramm 200 gramm «spays» ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shu tariqa, jami 10 kilogramm 850 gramm sintetik narkotik moddasi musodara qilindi.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi hamda 276¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA