«Yashil makon» — obod hudud va sog‘lom kelajak sari
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hududni ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha doirasida ta’lim muassasasi hududiga manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekilib, ularni parvarishlash, mavjud yashil hududlarni saqlash va yanada kengaytirish borasida tizimli ishlar olib borilyapti.
E’tiborlisi, ekilgan ko‘chatlarning to‘liq unib-o‘sishini ta’minlash va ularni doimiy parvarishlash maqsadida institut hududidagi daraxtlar rahbariyat vakillari hamda professor-o‘qituvchilarga biriktirildi. Har bir mas’ul xodim o‘ziga biriktirilgan daraxtning holatini muntazam kuzatib borish, uni parvarishlash va asrab-avaylashga mas’ul etib belgilandi.
Mazkur tashabbus institut hududining yanada obod va ko‘rkam bo‘lishi bilan birga, jamoada tabiatga ehtiyotkorona munosabat va ekologik mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, bu kabi amaliy ishlar talaba-yoshlarda atrof-muhitni asrash, yashil hududlarni ko‘paytirish va tabiatga g‘amxo‘rlik qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-32106]
Ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari «Yashil makon» umummilliy loyihasining ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishga qaratilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA