Sifat infratuzilmasi uchun malakali kadrlar tayyorlashning yangi bosqichi
O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashning yagona tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu borada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan Davlat ta’lim talablari muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ma’lumki, ilgari ushbu yo‘nalishda yagona va majburiy davlat ta’lim talablari mavjud emas edi. Mutaxassislarning malaka oshirish jarayoni asosan ichki tartiblar yoki alohida loyihalar doirasida amalga oshirilardi. Bu esa bilim va ko‘nikmalarning bir xilligini ta’minlash hamda xalqaro standartlarga moslashishda muayyan qiyinchiliklarni tug‘dirardi.

Yangi tasdiqlangan Davlat ta’lim talablari «Ta’lim to‘g‘risida», «Standartlashtirish to‘g‘risida», «Metrologiya to‘g‘risida» va «Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda Prezidentimizning tegishli Farmon va qarorlariga asoslanib ishlab chiqildi. Endilikda soha mutaxassislari uchun yagona va shaffof o‘quv mezonlari belgilanib, o‘quv reja va dasturlarining mazmuni, yuklamasi hamda shakllariga aniq talablar qo‘yildi. Xususan, qayta tayyorlash kurslari 16–24 hafta, malaka oshirish kurslari esa 2 kundan 4 haftagacha davom etishi belgilandi. Bu o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Hujjatda ilk bor to‘rtta zamonaviy o‘quv shakli: bevosita institutda o‘qitish, ish joyida o‘qitish, masofaviy ta’lim hamda dual ta’lim rasman mustahkamlandi. Bu xodimlarga ishdan ajralmagan holda malaka oshirish imkonini beradi, ayniqsa, hududlardagi korxona va laboratoriyalar uchun katta qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, o‘quv dasturlari xalqaro tajribani hisobga olgan holda, nazariy va amaliy bilimlarning uyg‘unligiga asoslangan. Bunda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, qonunchilikdagi yangiliklarni o‘zlashtirish majburiy etib belgilandi. Bunday yondashuv mamlakatimizning xalqaro maydondagi texnik reglamentlar bo‘yicha hamkorligini kuchaytirib, eksport-import jarayonlarini soddalashtiradi.
Yangi talablar doirasida o‘quv sifatini baholashning ko‘p bosqichli tizimi joriy etildi. Tashqi baholash Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan amalga oshirilishi natijalarning xolisligini ta’minlaydi. Kurslarni muvaffaqiyatli bitirgan tinglovchilarga beriladigan diplom va sertifikatlar xalqaro hamkorlar oldida ham to‘liq huquqiy kuchga ega bo‘ladi. Strategik jihatdan mazkur islohotlar sanoat va savdo sohasidagi investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi. Malakali mutaxassislarning ko‘payishi korxonalarda texnik reglamentlarning tezroq joriy etilishiga, mahsulotlar raqobatbardoshligining oshishiga zamin yaratadi. Xulosa qilib aytganda, yangi Davlat ta’lim talablari mamlakatimiz sifat siyosatidagi muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston standartlar institutini zamonaviy va xalqaro darajadagi ta’lim maskaniga aylantirishga qaratilgan.
Jo‘rabek MURODOV,
O‘zbekiston standartlar instituti direktor o‘rinbosari
O‘zA