Jamiyat taraqqiyotida pedagogikaning o‘rni
Har safar fan-ta’lim to‘g‘risidagi munozaralarni kuzatib turganimda, bir haqiqatga yanada aniqroq ishonch hosil qilaman: pedagogika bilan o‘qitish metodikasisiz hech bir fan sohasi uzoq yo‘l bosa olmaydi. Gohida ayrimlar pedagogika fanini ikkinchi darajali, hatto “yordamchi” soha sifatida tilga oladi. Menimcha bunday qarash nafaqat adolatsiz, balki ilm-fanning o‘ziga xos tabiatidan ham bexabarlikdan dalolat beradi.

Buni qanday izohlash mumkin? Eng buyuk ilmiy kashfiyot ham, agar uni keyingi avlodga yetkazadigan odam bo‘lmasa, oddiy bir varaq qog‘ozga aylanib qoladi. Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, Mendeleyevning davriy jadvali, Abu Ali ibn Sinoning tibbiy risolalari – bularning hammasi o‘z vaqtida chin ma’nodagi o‘qituvchilar, muallimlar, ustozlar orqali keyingi avlodga yetib keldi. Agar maktabda bolaga tabiiy –ilmiy fanlar mohiyatini tushuntirib bera oladigan o‘qituvchi bo‘lmasa, ertangi Eynshteyn ham, ertangi Abu Ali ibn Sino ham tug‘ilmaydi. Shu bois, men pedagogikani ilm olamining aynan birinchi qavatdagi tamal toshi deb bilaman.
Ko‘pincha shunday asossiz e’tirozni eshitamiz: “Pedagogika bo‘yicha dissertatsiyalar soni haddan tashqari ko‘payib ketdi, bu sohaning sayozligi alomati”. Bunday mulohazalarni eshitganimda o‘yga tolaman. Axir har bir sohada o‘nlab, yuzlab tadqiqotlar olib boriladi. Ularning hammasi bir darajada bo‘lishi tabiiy hol. Ammo birov chiqib “mana, fizika bo‘yicha dissertatsiyalar juda ko‘payib ketdi, demak matematika yo‘qolib bormoqda” demaydi-ku! Agar har bir fan bo‘yicha bittadan dissertatsiya himoya qilinsa (masalan, matematikadan — 1 ta), pedagogika yo‘nalishida esa 25 ta dissertatsiya himoya qilinishiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ulardan biri umumiy o‘qitish metodikasiga, yana biri esa fizikani o‘qitish metodikasiga bag‘ishlanadi. Nazarimda, bu holat muayyan guruh doirasida shakllangan andozaviy yondashuvlarning takrorlanishidan boshqa narsa emas.
Ikkinchidan, pedagogika – bu jamiyat bilan teng qadam tashlaydigan soha. Bundan o‘n yil oldin bolalarni o‘qitish uslubi bilan bugungi bolalarni o‘qitish uslubi bir xil emas. Hozirgi yosh avlod axborot oqimi orasida o‘sib ulg‘aymoqda, ularning tafakkur tarzi, diqqatni jamlash qobiliyati, hatto xotirasi ham avvalgi avlodlardan farq qiladi. Ana shu o‘zgarishlarga mos o‘qitish yo‘llarini izlash, yangi metodikalarni tayyorlash, sinab ko‘rish – nima, ilmiy ish emasmi? Albatta, ilmiy ishdir. Shu bois pedagogika bo‘yicha tadqiqotlar sonining ortib borishi bu ta’lim tizimimizning hayot bilan hamohang bo‘lishga intilayotganidan dalolat beradi.
Uchinchidan, hech bir aniq fan o‘z metodikasisiz rivojlana olmaydi. Deylik matematika o‘qitishda yosh talabaga murakkab formulalar, modellar, ko‘rgazmali tajribalar yordamida tushuntirish bilan, oddiy doska va bo‘r bilan so‘zlab berish o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Demak, har bir fanning o‘z metodikasi, o‘rgatish yo‘li, tushuntirish yo‘rig‘i bor. Ana shu yo‘rig‘ni ilmiy jihatdan asoslab berish, tajribada sinovdan o‘tkazish buni aynan pedagogika ilmi bajaradi. Shu ma’noda, pedagogikasiz hech bir fan to‘liq bo‘la olmaydi.
Bu faqatgina maktab yoki oliy ta’lim masalasi emas. Ilmiy institutda ishlayotgan tadqiqotchi ham, agar o‘z izlanishining metodikasini bilmasa, qaysi usuldan, qaysi ketma-ketlikda foydalanishni anglamasa, uning ishi natija bermaydi. Har bir tadqiqotchi avval “mening tadqiqotim metodikasi qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga javob izlaydi. Bu savol ham mohiyatan pedagogik savoldir. Chunki tadqiqot metodikasini shakllantirish metodika ilmining tarmoqlaridan biridir. Demak, har qanday fan, hatto eng “aniq” va “murakkab” deya hisoblangan soha ham, metodik asoslarsiz rivojlana olmaydi.
To‘rtinchidan, shuni ham aytib o‘tish kerakki, pedagogika bilan jiddiy shug‘ullanish oson ish emas. Haqiqiy pedagogik tadqiqot uchun olim psixologiya, sotsiologiya hamda o‘zi o‘rgatayotgan sohasining mohiyatini bilishi kerak. U o‘quvchining qanday o‘ylashini, nimadan qachon charchashini, qanday misol keltirilsa yaxshiroq anglashini bilishi shart. Shuning uchun bir guruh kasbdoshlarimdan iltimos qilmoqchiman: pedagogika bilan shug‘ullanayotganlarni chetlashtirish o‘rniga, aksincha ularni qo‘llab-quvvatlaylik.
Pedagogika bilan o‘qitish metodikasi bu shunchaki bir soha emas, balki butun ilm-fan binosining tamal toshi, asosi, poydevoridir. Uni zaiflashtirib, undan baland bino qurish mumkin emas. Aksincha, bu poydevorni mustahkamlashimiz, unga ilmiy jihatdan yangi nigoh tashlashimiz, undagi kamchiliklarni birgalikda bartaraf etishimiz kerak. Bu sohada mehnat qilayotgan kasbdoshlarimizni esa tanqid qilish o‘rniga, rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash kerak. Chunki ularning mehnati bevosita farzandlarimizga, kelajak avlodga yo‘naltirilgan. Ularning muvaffaqiyati – bizning muvaffaqiyatimiz. Ularning tajribasi – bizning tajribamiz.
Har bir fan, jumladan, matematika va pedagogika o‘zining metodikasisiz bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Har bir haqiqiy olim esa, avvalo, o‘z sohasida yangilik yaratish bilan birga, bu yangilikni keyingi avlodga qanday yetkazish haqida ham o‘ylaydi. Aynan shu nuqtada pedagogika ilmi bilan boshqa fanlar bir-birini to‘ldiradi, bir-biriga kuch beradi. Shu ma’noda, yangi O‘zbekistonni barpo etishda bu soha dasturilamal deb hisoblayman. Chunki hayot o‘z haqiqatini ko‘rsatadi: hech bir jamiyat o‘z o‘qituvchilarisiz, metodikasisiz, pedagogik ilmisiz rivojlana olmagan va rivojlana olmaydi.
Rizamat Shodiyev,
Qarshi davlat universiteti
Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi mudiri,
pedagogika fanlari doktori, professor.
O‘zA