Sho‘rchida bananchilik rivojlanadi
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Obodon mahallasida barpo etilayotgan yirik bananchilik issiqxonasida banan yetishtirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi va qishloq xo‘jaligi bo‘limi, viloyat agroxizmatlar markazi va uning tuman bo‘limi, bog‘dorchilik agentligining tuman loyiha ofisi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mo‘’jazgina issiqxonalarda banan parvarishlayotgan va banan yetishtirishga qiziqish bildirgan bog‘bonlar ishtirok etdi.
Seminarda issiqxona sharoitida banan yetishtirishning ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan to‘liq agrotexnologik jarayoni haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Banan navlarini tanlash, ko‘chat tayyorlash va ekish, ekish sxemasi, o‘simliklarni parvarishlash, fertigiatsiya va o‘g‘itlash rejimi, kasallik hamda zararkunandalarga qarshi kurashish, hosilni yig‘ish va saqlash tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Tumanda banan yetishtirishga qiziqish ortib bormoqda. Hozir o‘ttizdan ortiq oila tomorqasida issiqxona bunyod etib, shu turdagi o‘simlikni parvarishlayotir. Bananchilikning juda kam xarajatli va ko‘p daromadli biznes ekanini amalda his etgan tomorqachilar sohani rivojlantirish istagini bildirmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, bir sotix issiqxona tashkil etish tumanda o‘rtacha 9 million so‘mga tushadi. Bu yerda 25 tup banan ko‘chati parvarishlasa, qisqa vaqtda hosil tugadi. Yiliga bir tup banandan ikki-uch marta 25-30 kilogrammdan hosil olib, 60 million so‘mgacha daromad qilsa bo‘ladi.
Tuman hokimligi va qishloq xo‘jaligi bo‘limi, viloyat agroxizmatlar markazi va uning tuman bo‘limi, bog‘dorchilik agentligining tuman loyiha ofisi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mo‘’jazgina issiqxonalarda banan parvarishlayotgan va banan yetishtirishga qiziqish bildirgan bog‘bonlar ishtirok etdi.

Seminarda ishtirokchilarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasining Surxondaryo viloyati issiqxonalarida banan yetishtirish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyanomasi tarqatildi.

Tumanning Obodon mahallasidagi yetti gektar maydonda qurilayotgan issiqxonada kooperatsiya usulida banan yetishtiriladi. Bu yerda 30 dan ortiq dehqon xo‘jaligi 17 ming tup ko‘chat ekib, yiliga 1 ming 500 tonna atrofida hosil yig‘ib olish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri