Toshkentda ko‘p kvartirali uylar energiya samaradorligi uchun 1,5 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi
Poytaxtda 25 ta ko‘p kvartirali uyning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.
Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Buning uchun shahar mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasidan 1 mlrd. 565,4 mln. so‘m mablag‘ ajratildi.
Toshkent shahar hokimining 2026-yil 9-sentabrdagi qaroriga muvofiq, mablag‘lar Chinoz va Oltiariq tajribasi asosida poytaxtdagi ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.
Mablag‘lar quyidagi hududlarga taqsimlanadi. Olmazor tumani, “Qichqiriq” MFY, Qoraqamish 1/3 dahasi — 46, 47, 50, 51-uylar uchun 331,96 mln. so‘m, Uchtepa tumani, “Farhod” MFY, 23-mavze — 4, 5, 21, 22, 23-uylar uchun 588,68 mln. so‘m, Chilonzor tumani, “Diyor” MFY, 8-mavze — 1–5-uylar uchun 288,76 mln. so‘m, Yunusobod tumani, “Akbarobod” MFY, 3-mavze — 16–19-uylar uchun 200,03 mln. so‘m, Yakkasaroy tumani, «Shohjahon» va «Damariq» MFYlaridagi 36, 38, 81/5 va 81/6-uylar uchun 155,97 mln. so‘m ajratilgan.
Shu tariqa, poytaxtning 5 ta tumanidagi 25 ta ko‘p kvartirali uy uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanadi. Mazkur ishlar uy-joylarda energiyadan samarali foydalanish, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish va kommunal xarajatlarni maqbullashtirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA