Shijoatli ayollar g‘oliblik uchun bahslashdi
Jizzax shahri bugun erta tongdan yana bir ezgu tashabbusga guvoh bo‘ldi. “Yoshlar shaharchasi” maydonida yuzlab xotin-qizlar va yoshlar bir maqsad yo‘lida – sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni hayot mezoniga aylantirish g‘oyasi atrofida jam bo‘ldi. Velosiped g‘ildiraklarining bir maromda aylanishi, ishtirokchilarning ko‘tarinki kayfiyati va musobaqa ruhi shaharda o‘ziga xos sport bayrami muhitini yaratdi.
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati kengashlari hamkorligida tashkil etilgan ommaviy velomarafon xotin-qizlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirishga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.
Bugun mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholining jismoniy faolligini oshirish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Joriy yilning 7-aprel kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sog‘lom turmush tarzini avvalo davlat organlari va idoralari xodimlari o‘rtasida keng qaror toptirish zarurligi alohida ta’kidlangan edi. Shu asosda boshqarma va tashkilotlarda haftaning bir kuni “Sport kuni” etib belgilanib, mehnat jamoalari a’zolarining jismoniy faolligini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jizzax viloyatida o‘tkazilayotgan mazkur velomarafon ham ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Musobaqada 18–60 yosh oralig‘idagi 300 nafardan ziyod davlat muassasalari xodimlari, havaskor qizlar va uy bekalari ishtirok etdi. Uchta yosh toifasi bo‘yicha tashkil etilgan bellashuvlar nafaqat ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligini, balki ularning irodasi, matonati va sportga bo‘lgan mehrini ham namoyon etdi.
[gallery-448103]
Marafon davomida maydonni do‘stona muhit, sog‘lom raqobat va g‘alabaga intilish ruhi qamrab oldi. Har bir ishtirokchi marraga birinchi bo‘lib yetish uchun harakat qilar ekan, eng katta yutuq g‘alaba emas, balki sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish ekani yaqqol sezilib turdi. Bu esa musobaqaning tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.
Taqdirlash marosimida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Nazira Muxtorova hamda Gulchehra Tojiboyeva, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi raisi Dilshod Mirzamuhammedov va O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati kengashi raisi Akrom Rahmonqulovlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda xotin-qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar samarasi hamda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr bildirdilar. Ta’kidlanganidek, bunday sport tadbirlari xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ularning hayotiy faolligi va mehnat unumdorligini oshirish, eng muhimi, sog‘lom turmush tarzini jamiyatda keng qaror toptirishga xizmat qiladi.
Musobaqa yakunida turli yosh toifalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar, shuningdek, faol qatnashchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA