Bugun Superliganing 15-turiga start beriladi
O‘zbekiston Superligasida 15-tur bahslari bugun start olar ekan, har bir uchrashuv turnir jadvalidagi vaziyatni o‘zgartirish imkoniga ega. Endi yo‘qotilgan har bir ochko nafaqat chempionlik uchun kurashda, balki Osiyo maydonlariga yo‘llanma va elitada jon saqlab qolish masalasida ham qimmatga tushishi mumkin.
Ayniqsa, so‘nggi turlarda peshqadamlar orasidagi ochkolar farqi qisqarib, raqobat yanada keskin tus oldi. Shu bois, 15-tur nafaqat navbatdagi bellashuvlar, balki chempionlik poygasining yangi bosqichi sifatida ham baholanmoqda.
Turning ilk kunida e’tibor markazidagi bahslardan biri Andijonda bo‘lib o‘tadi. Unda «Andijon» «Paxtakor» klubini qabul qiladi. Poytaxtliklar statistika bo‘yicha raqibidan yaqqol ustun. Jamoalar chempionatlar doirasida 58-marta to‘qnash kelgan bo‘lib, ularning 42 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan. Yana 9 uchrashuv durang bilan yakunlangan, 7-marta esa andijonliklar zafar quchgan. Gollar nisbati ham «sherlar» foydasiga — 140:44. Biroq, bugungi bahsda statistika emas, ayni paytdagi sport formasi hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.

Kunning ikkinchi o‘yinida «Buxoro» o‘z maydonida «Lokomotiv»ni qabul qiladi. Maydon egalari yuqori pog‘onalar uchun kurashda muhim ochkolarni qo‘ldan chiqarmaslikka intilsa, mehmonlar turnir jadvalidagi mavqeini mustahkamlashni maqsad qilgan.
2-avgust kungi dasturdan «Navbahor» — «Xorazm», «Mash’al» — «So‘g‘diyona» hamda «Qizilqum» — «Bunyodkor» uchrashuvlari o‘rin olgan. Bu bellashuvlar, ayniqsa, turnir jadvalining o‘rta va quyi qismidagi raqobat nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etadi.
Biroq, 15-turning asosiy intrigasi 3-avgust kuniga saqlab qo‘yilgan. Olmaliqda OKMK Qarshining «Nasaf» klubini qabul qiladi. Har ikki jamoa uchun ham bu uchrashuv yo‘qotish mumkin bo‘lmagan ochkolar bahsiga aylanadi.

Turning markaziy bellashuvi esa Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Turnir peshqadami «Neftchi» mehmon sifatida «Dinamo»ga qarshi maydonga tushadi. Samarqandliklar safida to‘purarlar poygasi yetakchisi Anvarjon Hojimirzayevning ishtiroki mazkur bahsga alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Agar mezbonlar g‘alaba qozonsa, chempionlik poygasidagi muvozanat yanada o‘zgarishi mumkin. «Neftchi»ning muvaffaqiyati esa faqat peshqadamlikni emas, ruhiy ustunlikni ham mustahkamlaydi.
Qisqasi, bugun start oladigan 15-tur Superliga mavsumining eng muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Endi har bir tur, har bir gol va har bir ochko chempionlik taqdiriga tobora yaqinlashib borayotgan javobni shakllantiradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA