Shifokorlarimiz Fransiyaning yetakchi onkologiya markazida malaka oshirdi
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini, xususan, onkologiya xizmatini jahon standartlari asosida modernizatsiya qilish, eng ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish borasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Buning yaqqol tasdig‘i sifatida, shu kunlarda yurtimizning bir guruh malakali mutaxassislari – tibbiy onkologlar hamda molekulyar diagnostika yo‘nalishidagi tibbiy biologlar Fransiyaning Yevropa va jahon miqyosida mashhur bo‘lgan yetakchi tibbiyot muassasalaridan biri – Gustave Roussy institutida o‘quv-amaliy stajirovkani muvaffaqiyatli tamomladi.
Joriy yilning 5-16-oktabr kunlari tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro dastur mahalliy kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy ilg‘or texnologiyalar hamda davolash usullarini o‘zlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Stajirovka davomida o‘zbekistonlik shifokorlar mazkur ilmiy-klinik markazning kundalik faoliyati, patomorfologiya, molekulyar hamda genetik diagnostika jarayonlari, shuningdek, og‘ir xastalikka chalingan bemorlarni boshqarishning zamonaviy tizimi bilan yaqindan tanishdi.

Intensiv dastur doirasida tibbiyotning bir qator o‘ta muhim va nozik yo‘nalishlari, jumladan, ginekologik va torakal onkologiya, xavfli o‘smalar (sarkomalar), gematologiya, radiasion onkologiya, shuningdek, aniq tibbiyot (Precision Medicine) va molekulyar diagnostika kabi sohalar chuqur qamrab olindi. Mutaxassislar nazariy bilimlardan tashqari turli ko‘p tarmoqli konsiliumlar (MDT) yig‘ilishlarida bevosita ishtirok etib, murakkab klinik holatlarni xorijlik hamkasblari bilan birgalikda muhokama qildi.
Xususan, tashrif davomida Gustave Roussy institutining Tibbiy biologiya va patologiya departamenti rahbari, professor Sesil Badual boshchiligida laboratoriya va patomorfologiya xizmatining ishi atroflicha o‘rganildi.
O‘zbekistonlik mutaxassislar zamonaviy laborator diagnostika jarayonlari, biologik namunalarni avtomatik tarzda qayta ishlash tizimlari hamda yuqori aniqlikdagi molekulyar-genetik tekshiruvlarning tashkil etilish tartibi bilan tanishdi. Ayniqsa, sarkomalar bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘p tarmoqli konsiliumda qisqa fursat ichida ko‘plab og‘ir holatlarni mutaxassislar jamoasi tomonidan tahlil qilish amaliyoti katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur stajirovka doirasida Gustave Roussy institutining bosh direktori, professor Fabris Barlesi, shuningdek, markazning turli yetakchi yo‘nalishlariga rahbarlik qiluvchi taniqli professorlar va soha ekspertlari bilan qator uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqotlar chog‘ida kelgusidagi qo‘shma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va o‘zaro tajriba almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Zamonaviy onkologik yordamni tashkil etish, molekulyar diagnostika, aniq tibbiyot va multidissiplinar yondashuv bo‘yicha Yevropaning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish hamda ushbu yangicha usullarni kelgusida O‘zbekiston onkologiya amaliyotiga muvaffaqiyatli tatbiq etish maqsadida amalga oshirilgan ushbu stajirovka muvaffaqitil yakunlandi. Yurtimiz mutaxassislariga maxsus xalqaro sertifikatlar topshirildi.

Bu kabi xalqaro tashabbuslar kelajakda yurtimizda onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta bosqichda aniqlash va davolash sifatini yangi, yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA