Emlash – salomatlik kafolati
Toshkent shahrida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijalari e’lon qilindi.
Yuqumli kasalliklarning barvaqt oldini olish hamda mustahkam epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli profilaktik chora-tadbirlar izchil davom etmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan poytaxtimizda amalga oshirilgan so‘nggi nazorat va emlash tadbirlarining natijalari bu boradagi ishlarning tizimli olib borilayotganidan dalolat.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtda yuqumli xastaliklarning tarqalishiga qarshi kurashish doirasida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar tashkil etilib, ularning natijasida salmoqli ko‘rsatkichlarga erishildi. Xususan, epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida jami 78 ming 259 nafar fuqaro qizamiqqa qarshi emlandi.
Shu bilan birga, epidemiologik nazoratni kuchaytirish borasida ham jiddiy qadamlar tashlandi. Jumladan, qizamiqqa gumon qilingan 290 nafar bemor bilan muloqotda bo‘lgan 10 ming 39 nafar shaxs to‘liq aniqlanib, ular orasida bungacha emlanganlik haqida ma’lumoti bo‘lmagan 1 ming 623 nafar fuqaro epidemik ko‘rsatma asosida vaksina oldi. Bunday manzilli va tezkor choralar kasallik o‘choqlarining kengayib ketishiga o‘z vaqtida to‘sqinlik qilmoqda.
Poytaxtimizda rejali immunizatsiya jarayonlari ham yuqori dasturiy asosda bajarilmoqda. Jumladan, rejali emlash doirasida 47 ming 494 nafar 1 yoshli va 42 ming 767 nafar 6 yoshli bola qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi (KPK) vaksinasi bilan to‘liq emlandi. Bolalarni o‘z vaqtida emlash kampaniyasi kelajakda ularning sog‘lom voyaga yetishida muhim kafolat hisoblanadi.
Bundan tashqari, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash maqsadida zamonaviy laborator tekshiruvlar keng ko‘lamda tashkil etildi. Xususan, ko‘kyo‘tal bo‘yicha 110 nafar fuqaro tashxisot maqsadida, 8 nafari esa epidemik ko‘rsatma asosida tekshirildi. Shuningdek, bo‘g‘ma (difteriya) kasalligi bo‘yicha 3 ming 482 nafar fuqaro profilaktik maqsadda va 902 nafari tashxisot asosida tekshiruvlardan o‘tkazildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, amalga oshirilgan laborator tahlillar natijasida ushbu xastaliklar bo‘yicha birorta ham musbat holat qayd etilmadi.
Mutaxassislarning eslatishicha, emlash yuqumli kasalliklarning oldini olish va aholi, ayniqsa, yosh avlod salomatligini ishonchli himoya qilishning eng samarali hamda ilmiy isbotlangan vositasidir. Shu bois, ota-onalardan farzandlarining milliy emlash taqvimiga qat’iy rioya etishlari so‘ralmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA