Rossiya va Ukraina o‘rtasida 205 nafar harbiy asir almashildi (+video)
Bugungi xalqaro yangiliklarda Rossiya va Ukraina o‘rtasida 205 nafardan harbiy asir almashinuvi amalga oshirilgani, jarayon BAA vositachiligida o‘tib, Zelenskiy tomonidan “1000 ga 1000” kelishuvining birinchi bosqichi sifatida baholangani ma’lum bo‘ldi.
Isroilda esa The New York Times nashriga qarshi tuhmat da’vosi tayyorlanayotgani, Armanistonda Rossiyaparast “Matreshka” tarmog‘i orqali keng dezinformatsiya kampaniyasi olib borilayotgani, Boliviyada esa prezident iste’fosini talab qilgan ommaviy noroziliklar kuchaygani qayd etildi. Shu bilan birga Eron terma jamoasiga AQSH vizalari berilmayotgani futbol diplomatiyasidagi muammolarni yuzaga chiqardi, AQSH va Xitoy rahbarlari esa Pekinda savdo, Eron, Tayvan va Boeing masalalarini muhokama qilib, ayrim iqtisodiy kelishuvlarga erishdi, biroq chiplar eksporti bo‘yicha kelishuvsiz yakunlandi.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida 205 nafar harbiy asir almashildi
Rossiya va Ukraina 15-may kuni “205 ga 205” formulasi asosida navbatdagi harbiy asirlar almashinuvini amalga oshirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu jarayonni tasdiqladi. Rossiya tomoni 205 nafar harbiy qaytarilganini, evaziga Ukraina Qurolli kuchlarining 205 nafar asiri topshirilganini bildirdi. Jarayonda Birlashgan Arab Amirliklari gumanitar vositachi sifatida ishtirok etdi. Zelenskiy bu almashinuv “1000 ga 1000” formatidagi kengroq jarayonning birinchi bosqichi ekanini ta’kidladi.
Netanyaxu The New York Times nashrini sudga bermoqchi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati AQSHning The New York Times nashriga qarshi tuhmat bo‘yicha sud da’vosini tayyorlamoqda. Bunga falastinlik mahbuslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik haqidagi maqola sabab bo‘lgan. Isroil hukumati maqolani rad etib, uni “buzib ko‘rsatilgan yolg‘on” deb atadi. NYT esa material guvohlar va xalqaro tashkilotlar hisobotlariga asoslanganini ma’lum qildi.
Armanistonda “Ukraina ssenariysi” haqidagi dezinformatsiya kampaniyasi
Rossiyaning “Matreshka” botlar tarmog‘i Armanistonda parlament saylovlari arafasida keng ko‘lamli dezinformatsiya kampaniyasini boshladi. Tarmoq Pashinyanga qarshi 343 ta soxta video tarqatgani, unda uning sog‘lig‘i, tashqi siyosati va Rossiya bilan munosabatlari haqidagi iddaolar ilgari surilgani aytiladi. Tahlillarga ko‘ra, bu kampaniya AQSH va Yevropadagi saylovlar davridagi o‘xshash operatsiyalardan ham yirikroq bo‘lgan.
Boliviyada prezident iste’fosini talab qilib namoyishlar
Boliviya poytaxti La Pasda konchilar va dehqonlar prezident Rodrigo Pas iste’fosini talab qilib namoyishga chiqdi. Namoyishchilar Murilo Plaza maydoniga kirishga uringan, ayrim hollarda politsiyaga qarata dinamit tayoqchalari otilgan. Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz, dollar taqchilligi va energiya yetishmovchiligi noroziliklarni kuchaytirmoqda.
Eron terma jamoasiga AQSH vizasi berilmayapti
Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Toj JCH–2026 uchun terma jamoa a’zolariga AQSH vizalari berilmayotganini ma’lum qildi. Federatsiya FIFA bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Eron tomoni jarayonni Turkiyada emas, Antaliyada tashkil etishga urinayotgani aytilmoqda. Masala hozircha ochiq qolmoqda.
Si Szinpin va Tramp uchrashuvi: asosiy mavzular
AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin Pekindagi uchrashuvda savdo, Eron masalasi, Boeing samolyotlari va Tayvan mavzularini muhokama qildi. Tomonlar savdo sulhini saqlashga kelishib oldi, Xitoy 200 ta Boeing samolyotiga buyurtma berishga rozi bo‘ldi. Biroq chiplar eksporti bo‘yicha kelishuvga erishilmadi. Uchrashuvda Eron va Hurmuz bo‘g‘ozi masalasi ham ko‘tarildi.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/n6DoAFa4q0g" title="Rossiya va Ukraina o`rtasida 205 nafar harbiy asir almashildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov (video), O‘zA