Sherobodda yirik issiqxona majmuasiga tamal toshi qo‘yildi (+video)
Prezidentimizning joriy yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 940 gektar zamonaviy, energiya tejamkor issiqxona majmuasi qurilishi boshlandi.
Loyihani amalga oshirish jarayonida Qiziriq tumanidan ham 220 gektar yer maydoni tanlab olinib, 1 ming 160 gektar maydonda yirik issiqxona kompleksi bunyod etiladigan bo‘ldi.
Issiqxonalar ishini tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish uchun “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, bu yerda mahsulot yetishtiradigan tadbirkorlarga qator imtiyozlar ham berilmoqda. Kompleks ishonchli elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv bilan ta’minlanadi.
– Yangi issiqxona kompleksining elektr tarmog‘ini qurish bizning korxonamizga topshirilgan, – deydi “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbari Ma’ruf Shamsuddinov. – Uni tez, sifatli bajarish uchun beshta qurilish brigadamiz ishga jalb etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokida issiqxonalar qurilishiga start berildi. Majmuaning taqdimoti o‘tkazildi.
U to‘liq ishga tushgach, yiliga 126 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtiriladi. 18 ming tonnasi shu yerda qayta ishlanib, 6 ming 300 doimiy va 8 ming mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. Loyiha aholining bandlik masalasini yechishga ko‘maklashish barobarida hududda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilib, vohaning eksport salohiyatini oshiradi. Energiya tejamkorligiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/d9BMM1qBtQQ" title="Sherobodda yirik issiqxona majmuasiga tamal toshi qoʼyildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri