Shaxs huquqbuzarlikda gumon qilinganda sud qarorisiz qancha muddat ushlab turilishi mumkin?
Huquqiy munosabat
Ilgari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ayrim huquqbuzarliklar jumladan, chegara rejimini buzish sodir etilganda va yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganda prokuror sanksiyasi bilan ushlab turish tartibi mavjud edi. Ushbu holatda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida muhim o‘zgarishlar yuz berdi.
Bu haqida Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi Xushnazar Jo‘rayev quyidagicha tushuntirish berdi:
–Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 27-moddasiga muvofiq, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Bu norma shaxsiy daxlsizlik va inson erkinligini himoya qiluvchi “Habeas Corpus” institutining kafolati hisoblanadi.
Biroq, 2026-yil 22-sentabrga qadar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi 2-qismiga ko‘ra, chegara tartibini buzgan shaxslarni prokurorga xabar bergan holda 3 sutkagacha (72 soat), shaxsni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lmaganda esa prokuror sanksiyasi bilan 10 sutkagacha (240 soat) ma’muriy ushlab turish amaliyoti mavjud edi.
Ushbu kollizion norma fuqarolarning murojaatlari sababli Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) tomonidan Konstitutsiyaviy sudga olib chiqildi. Konstitutsiyaviy sud shaxs erkinligini cheklashda prokuror sanksiyasi yoki uning xabardor qilinishi xolis va mustaqil sud qarorining o‘rnini bosa olmasligini qat’iy ta’kidladi. Shu sababdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi 2-qismidagi shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq (3 sutkadan 10 sutkagacha) ushlab turishni nazarda tutuvchi qoidalar Konstitutsiyaga nomuvofiq deb topildi va o‘z kuchini yo‘qotdi.
Endilikda hech bir huquqni muhofaza qiluvchi organ fuqaroni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab tura olmaydi. Agar 48 soat ichida ushlab turish muddatini uzaytirish bo‘yicha sud qarori olinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi shart. Ushbu qaror “Habeas Corpus” tamoyilining ma’muriy huquqda ham to‘liq qaror topishini hamda Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minladi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarori.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA