Shaxmat va parashaxmat chempionlariga uy, avtomobil va pul mukofotlari beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Prezidentimiz shaxmat va parashaxmat olimpiadalarining g‘olib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirish bo‘yicha qaror qabul qilganini ma’lum qildi. Unga muvofiq, chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov uy-joy va avtomobil bilan taqdirlanadi.
Parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamaradjabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovga ham uy-joy va avtomobil beriladi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhammadov avtomobil bilan mukofotlanadi.
Olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchi 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti oladi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollar, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan beriladi.
– Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu tariqa g‘olib va sovrindorlarning mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.
O‘zA