Shavkat Mirziyoyev: Yangi O‘zbekistonni dunyo shaxmat markaziga aylantiramiz
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Prezidentimiz keyingi maqsadni shunday belgiladi:
«Yangi O‘zbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantiramiz».
Davlatimiz rahbari buning uchun mamlakatimizda natija, tajriba va yoshlarga namuna bo‘ladigan chempionlar borligini ta’kidladi.
Shaxmatchilarimizning Olimpiadadagi har bir g‘alabasi va yurishini yurtimizda millionlab bolalar kuzatdi. Prezidentimiz ulardan ilhomlangan yana minglab yoshlar shaxmat taxtasi oldiga o‘tirganiga ishonch bildirdi.
– Sizlar endi faqat sportchi emassizlar. Sizlar Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun aql, bilim, sabr, intizom va g‘alabaga ishonch timsolisizlar, – dedi davlatimiz rahbari chempionlarga murojaat qilib.
Shu bois, har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etiladi.
O‘zA