Sharqiy harbiy okrugda istiqlol bayrami
FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi asosida tashkil etilgan tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Oybek Saidov, qo‘mondon o‘rinbosarlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirok etdi.
[gallery-31176]
Tadbirda mustaqillik yillarida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy va professional Qurolli Kuchlarni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada erishilayotgan natijalar haqida so‘z yuritildi.
Tantanali marosimda bir guruh harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan berilgan davlat mukofotlari topshirildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari, navbatdagi harbiy unvonlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir san’atkorlar va harbiy xizmatchilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Vatan, istiqlol va ona yurtga muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA