Ekskavatorlar xatlandi, endi auksion savdosiga chiqariladi
Sirdaryo viloyatida sud qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdor korxonaga tegishli ikki dona «VOLVO» rusumli ekskavator xatlanib, saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ijro harakatlari sudning qaroriga asosan qarzdor korxonadan Biznesni rivojlantirish banki foydasiga 1 milliard 812 million so‘m kredit qarzdorligini undirish maqsadida amalga oshirildi.
Qarzdorga qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun qonunchilikda belgilangan muddat berilgan. Biroq ushbu muddat ichida sud qarori talablari bajarilmagani sababli davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro choralari qo‘llanildi.
Natijada kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan ikki dona «VOLVO» rusumli ekskavator xatlanib, belgilangan tartibda jarima maydoniga qo‘yildi.
Ayni paytda xatlangan maxsus texnikalarni elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish ishlari olib borilmoqda. Ularni sotishdan tushgan mablag‘ sud qaroriga muvofiq kredit qarzdorligini qoplashga yo‘naltiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri