Sergelida shaharsozlik qoidalariga rioya etilishi holati o‘rganildi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sevara Fayziyeva hamda Kengashning Qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi mas’ullari ishtirokida Sergeli tumanida o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganishlar jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi, davlat arxitektura nazoratini yanada takomillashtirish, qurilish sohasida aniqlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mexanizmlarni raqamlashtirish, energiya tejamkor qurilish materiallari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022–2026-yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishga doir qarori ijrosi doirasida mahalla hududida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun zamonaviy bolalar maydonchalari, vorkaut zonalari, amfiteatr va favvora barpo etilib, foydalanishga topshirilgan. Hududdagi ko‘p qavatli uylarning fasad qismlari ta’mirlanib, zamonaviy me’moriy ko‘rinish shakllantirilgan.

O‘rganishlar yakunida deputatlar tomonidan qurilish va rekonstruksiya ishlari sifati, yaratilayotgan infratuzilmaning amaldagi holati, shaharsozlik talablari va belgilangan loyihalarning ijrosi yuzasidan mas’ul tashkilotlar vakillarining axborotlari tinglandi hamda tegishli tavsiyalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA