Murojaatdan muloqotgacha
Fuqaroning murojaati uning huquqi va manfaatini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadam. Bu ovoz eshitilgan, muammo e’tiborga olingan va masalaga yechim izlanayotganini anglatadi. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida o‘tkazilgan “Ombudsman maktabi” ham aholi murojaatlarini shunchaki qabul qilish emas, balki ularni joyiga chiqqan holda o‘rganish va amaliy yechim izlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida aholi bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda fuqarolarni qiynayotgan masalalar bevosita eshitilib, ularning huquqiy jihatlari bo‘yicha mas’ul mutasaddilar ishtirokida fikr almashildi.

Muloqotdan avval mazkur hududdan Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilindi. Bu esa uchrashuv kun tartibini umumiy gaplar emas, balki aholi uchun haqiqatan ham dolzarb bo‘lgan masalalar asosida shakllantirish imkonini berdi. Shu tariqa ochiq muloqotda ko‘tariladigan mavzular saralanib, ularning yechimiga daxldor davlat tashkilotlari va idoralari vakillari jalb etildi.

Uchrashuvda “Mirzadala”, “G‘alaba”, “Toshkent”, “Yerjar”, “Yangidala”, “Mustaqillik” va “Paxtazor” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda ko‘tarilgan masalalarning qamrovi ham keng bo‘ldi. Xususan, mehnat munosabatlari, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlar, mahallalarda aholi bilan ishlash, shuningdek, bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalalari muhokama qilindi.

Aslida, fuqarolarni qiynayotgan har bir masalaning ortida muayyan taqdir, oila manfaati yoki kundalik hayotga daxldor muammo turishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, murojaatlarning eshitilishi bilan birga, ular yuzasidan huquqiy tushuntirish berilishi va mas’ul idoralar ishtirokida yechim izlanishi muloqotning amaliy ahamiyatini oshiradi.

Tadbir davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha bevosita mutasaddilarga savollar yo‘llab, huquqiy tushuntirishlar oldi. Bu esa aholi va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi muloqotni yanada ochiq va manzilli tashkil etishga xizmat qildi.

Ko‘tarilgan masalalarni vakolatli idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi. Demak, “Ombudsman maktabi”ning mazmuni faqat huquqiy bilim berish bilan cheklanmay, fuqaroning muammosidan uning amaliy yechimigacha bo‘lgan jarayonni qamrab olmoqda.

Bunday ochiq muloqotlar aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan bir qatorda, davlat idoralari faoliyatida murojaatlarga e’tiborni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Zero, huquqiy davlatda fuqaroning so‘zi eshitilishi — e’tibor, uning muammosiga yechim topilishi esa adolatning amaliy ifodasidir.

Mirzacho‘ldagi “Ombudsman maktabi” ham ana shu tamoyilning hayotiy ko‘rinishi bo‘ldi: murojaat eshitilsa, muammo oydinlashadi, muammo oydinlashsa, yechimga yo‘l ochiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari