Serbiya O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat bozori ochadi
Davlatimiz rahbarining Serbiyaga tashrifi doirasi migratsiya sohasida mehnat muvofiqligi bo‘yicha jiddiy kelishuvga erishildi.
Yevropaning ushbu davlati mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri Militsa Jurjevich Stamenkovski mazkur bitimni tarixiy, deb atadi. Ya’ni, Serbiya shu tariqa chet el bilan ilk shunday kelishuv imzolagan.
– Hujjat mamlakatimizda ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolariga tizimli kafolat beradi, – deydi mulozim. – Ular mahalliy ishchilar bilan mutlaq teng huquqqa ega bo‘ladi. 2027-yildan yurtimizda eng kam oylik maosh 600 yevro. Yil yakunida bu ko‘rsatkich 650 yevroga yetadi. Yaqin yillarda Serbiya yirik xalqaro ko‘rgazmaga mezbonlik qiladi. Demak, bizda o‘zbekistonliklar kabi tirishqoq, malakali va mehnatkash kadrlarga talab yanada oshadi. eng muhimi, kelishuvimiz qog‘ozda qolib ketmaydi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi xorijiy ishchiga ehtiyoji bor mahalliy korxonalar bilan bevosita muzokara o‘tkazyapti. Loyihalarni amaliyotga tezroq tatbiq etish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. E’tiborli jihati, shu vaqtga qadar diyorimizda ishlayotgan o‘zbeklar tomonidan hech qanday qoida buzarlik qayd etilmagan. Ular qadriyatlarimizni chuqur hurmat qiladi, xalqlarimizni mehmondo‘stlik, o‘zaro hurmat singari umumiy fazilatlar mustahkam bog‘lab turadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA