Yagona maqsad, yagona intilish, yagona kelajak
Davlatimiz rahbarining Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami tantanasidagi nutqi mamlakatimiz taraqqiyotida yangi sahifa ochishi, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilab olishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni kunlarda mazkur nutq mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashkilotlar, olimlar va ekspertlar, talaba-yoshlar tomonidan puxta o‘rganilib, unda belgilangan maqsad va vazifalarning mazmun-mohiyati keng muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqidan kelib chiqadigan vazifalar, unda bayon etilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyati hamda ularni keng targ‘ib qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari uchun tashkil etilgan tadbirda vazir o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ullari hamda Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, nutqda ilgari surilgan muhim g‘oyalarning ahamiyati xususida atroflicha to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan mazkur nutqida yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan, keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan muhim tashabbus va rejalar ilgari surilgan.
Nutqda belgilangan vazifalar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning munosib va farovon hayotini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, yurt taraqqiyotining eng muhim mezoni insonning o‘z hayotidan rozi bo‘lib, kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishidir.
Xususan, bilim va malakani rivojlantirish, sog‘lom va uzoq umr ko‘rish uchun munosib sharoitlar yaratish, yuqori texnologiyali iqtisodiyotni shakllantirish, suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, mahalla institutini yanada rivojlantirish hamda O‘zbekistonning tashqi siyosatiga doir yettita milliy dastur xususida hayotiy misollar yordamida fikr yuritildi.
Bugungi kunda ta’lim va tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, yosh avlodga sifatli ta’lim berish va ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror kelajakning muhim omili hisoblanadi.

Shu ma’noda, har bir pedagog va ta’lim sohasi xodimining zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklanadi. Chunki bugun maktabda shakllanayotgan bilim, tafakkur va dunyoqarash ertangi jamiyatning qiyofasini belgilaydi.
Seminarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlarga to‘g‘ri va ta’sirchan yetkazishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotning o‘rni beqiyos ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, milliy g‘oya va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish, yoshlarda Vatanga muhabbat, daxldorlik va fidoyilik tuyg‘ularini yanada yuksaltirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Zero, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi kuchli bo‘lgan avlod har qanday yuksak maqsadni ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘ladi.
Tadbir ishtirokchilari nutqda ilgari surilgan tashabbuslarning hayotimizdagi amaliy ahamiyati, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali tatbiq etish yo‘llari haqida fikr almashdi. Har bir belgilangan vazifa faqat qog‘ozdagi maqsad emas, balki mamlakatimiz kelajagi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan aniq harakatlar dasturi ekani ta’kidlandi.
Bunday ma’rifiy muloqotlar jamoada yagona maqsad va umumiy mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi. Eng muhimi, yurt taraqqiyotiga daxldor g‘oyalarni har bir inson qalbiga yetkazish, ularni ezgu maqsadlar sari safarbar etishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta.
O‘zaro muloqot tarzida tashkil etilgan tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi. Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan seminar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ta’kidlash joizki, “Yagona Vatan, yagona xalq” g‘oyasi atrofida birlashish bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash va ularda faol ishtirok etishni taqozo etadi. Zero, yurtimizning buyuk kelajagi har bir fuqaroning tashabbusi, mehnati va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan bunyod etiladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA