Senatorlar ichimlik suvi va oqova suv tizimida saqlanib qolayotgan muammolarga e’tibor qaratdi
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun davlat veterinariya nazorati tizimini yanada takomillashtirish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimi hamda Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkilotining xalqaro kodekslari talablariga uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Veterinariya sohasida hayvonlar kasalliklarining oldini olishga e’tibor kuchaytirilmoqda, profilaktika choralari davolash ishlaridan ustun qo‘yilmoqda. Qonunda veterinariya nazoratidagi tovarlar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi normalar mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, hayvonlarning yuqumli kasalliklari bo‘yicha hududlar va kichik hududlar (kompartmentlar)ni ajratish, ularning xavfsizlik toifalarini belgilash, veterinariya-sanitariya choralarini xavf tahlili asosida qo‘llash hamda davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarni zarur hollarda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga oid normalar nazarda tutilmoqda.

Majlisda yana bir masala muhokama qilindi. Xususan, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish, suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, mavjud infratuzilmani modernizatsiyalash bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirilgani qayd etildi.
Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi respublika bo‘yicha 83 foizga yetkazilgan. Bugungi kunda 8,3 million kishiga markazlashgan oqova suv xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Aholini ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida davlat dasturlari doirasida 1 ming 117 km ichimlik suvi, 190 km oqova suv tarmoqlari, 23 ichimlik suvi inshooti va 9 oqova suv inshooti qurilib, rekonstruksiya qilingan. Natijada 446 ming kishining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi yaxshilanib, 78 ming kishiga ko‘rsatilayotgan oqova suv xizmatlari sifati oshirilgan.
Senatorlar tomonidan ichimlik suvi va oqova suv tizimida saqlanib qolayotgan tizimli muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ayrim hududlarda ichimlik suvini belgilangan grafik asosida yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotgani, suv bosimi va sifati bilan bog‘liq muammolar, kanalizatsiya tarmoqlarining eskirgani, shuningdek, qurilish ishlari hamda investitsiya loyihalarining kechikayotgani qayd etildi.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga mazkur soha faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Seminar davomida mahalliy kengashlar deputatlarining mazkur yo‘nalishdagi nazorat vakolatlarini amalga oshirish, hududlardagi loyihalar ijrosini tizimli monitoring qilish, mutasaddi tashkilotlar hisobotlarini eshitish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA