Sharqona mehmondo‘stlik manziliga aylangan obod maskanlarda bayram shukuhi
Mustaqillikning 35 yilligi
Bugun xalqning mehmondo‘stlik qadriyati ifoda etgan xiyobonlari soni ko‘paymoqda. Bir tomonda bolalarning sho‘x qiyqirig‘i, nariroqda nuroniylarning samimiy suhbati eshitiladi. Zamonaviy qahvaxonalar, hunarmandchilik rastalari bo‘ylab borayotgan xorijlik sayyohlar zavq bilan suratga tushadi. Bu manzarani tinch va obod yurtning qiyofasi deyish mumkin.
Mustaqilligik xalqimizga mana shunday o‘z uyini o‘zi obod qilish, tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrash va dunyo ahli havas bilan qaraydigan yurtga ega bo‘lish kabi imkoniyatlarni berdi. Turizm, savdo va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bugun har bir oilaning farovonligini ko‘zlagan davlat siyosatining bir qismiga aylandi.
Turizm kam sarmoya bilan ko‘p ish o‘rni yaratadi. Aholi daromadini oshiradi, mahallalarning qiyofasini o‘zgartiradi. Poytaxtimizda buning imkoni keng. Har bir mahallaning o‘ziga xos an’analari “o‘sish nuqtasi”ga aylantirilmoqda.
Sergeli tumanining Yangi Sergeli ko‘chasi buning yaqqol misoli. Ittifoq mahallasidan o‘tadigan bu ko‘chaning 2,1 kilometrlik qismi butunlay o‘zgarib ketdi.
[gallery-30450]
– Bu yerda infratuzilma yangilandi, biz kabi tunu kun ishlaydigan savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlar joylashtirildi, – deydi tadbirkor Nazirali Ortiqov. – Atrofdagi to‘rt mahallada 21 mingdan ziyod kishi yashaydi. Kuniga o‘rtacha 20 mingta avtomobil o‘tadigan bu ko‘cha yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda sifatli xizmat ko‘rsatishimiz uchun barcha sharoit yaratildi. Davlatimiz rahbari 4-iyul kuni bu ko‘cha bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan uylar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi, mahalla faollari va oddiy fuqarolar bilan suhbatlashdi. Xalqimiz bu o‘zgarishlardan juda xursand.
Hududda bolalar uchun 10 dan ortiq maydoncha, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni, nuroniylar maskani tashkil etildi. Shuningdek, 95 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi korxona tashkil etildi. Natijada 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. Mahalla aholisining aytishicha, bu o‘zgarishlar odamlarning kayfiyatiga, turmush tarzi va daromadiga ijobiy ta’sir etib, ertangi kunga ishonchni mustahkamlayapti.
Bu o‘zgarishlar faqat shu mahallada emas. Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini bog‘lab turuvchi Bunyodkor ko‘chasida ham shu ruh seziladi.
San’at va madaniyat maskanlari, idoralar, baland uylar, supermarket va restoranlar yonidan o‘tadigan bu ko‘chaning 1,5 kilometrlik qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm maskaniga aylantirilgan. Ajoyib landshaft dizayni, favvoralar, turfa chiroqlar hududga yanada ko‘rk bag‘ishlagan. 90 ta tadbirkorlik sub’ekti tunu kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shundan 45 tasi yangi tashkil etilib, 500 kishiga doimiy ish berildi. Ko‘chaga yondosh mahallalarda yashaydigan 18 mingga yaqin odam bu yengillikni darrov sezdi. Bir paytlar yiliga atigi 255 ming kishigina tashrif buyurgan ushbu joy endilikda yiliga 1 million mehmonni qabul qilish quvvatiga ega.
Poytaxtning tarixiy yuragi sanalgan Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasi esa qadim va zamonaviy servisning uyg‘unlashuvida alohida o‘rin tutadi. Bu mahalla ikki yil oldin turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilgan edi.
Ko‘cha va uylarda qadimgi Toshkent qiyofasi saqlab qolingan holda barcha kommunikatsiyalar yer ostidan o‘tkazilgan. Tarixiy darvoza qayta tiklandi, o‘ymakor ustunli ayvon va hovuz barpo etildi. Milliy kashtachilik va hunarmandchilik ustaxonalari, novvoyxona, milliy oshxonalar, zargarlik do‘konlari, mehmonxona bir joyda jam bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ikki yil avval tashrif buyurganida, mana shunday majmualar xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb etishini ta’kidlagan edi.
– Bu manzilning qadimiy Chorsu bozori yonida joylashgani menga juda yoqdi, – deydi germaniyalik sayyoh Tobias Rixter. – Bu yerda xalqingizning tarixi, qadimda qanday yashaganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. E’tibor qildim, biz kabi xorijlik sayyohlar oqimi tinmayapti. Bugun dunyoning juda ko‘p davlatlaridan zamonaviy hashamatni, eng so‘nggi texnologiyalar qo‘llanilgan shoularni tezda topasiz. Lekin mana bunday mukammal saqlangan tarixni uchratish juda qiyin. Bu joyni etnografik turistik markaz deb atagan bo‘lardim.
Bugun bu mahallaning 2 ming 670 nafar aholisi savdo, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish rivoji tufayli to‘liq ish bilan ta’minlangan. Mahalla ishsizlikdan holi, xavfsiz hududga aylangan.
Bu kabi misollar poytaxtning barcha tumanlarida bor. So‘nggi yillarda turizm sohasida 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi karrasiga oshdi. Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida ham gavjum ko‘chalar tashkil etildi. Yana shunday tunu kun ishlaydigan maskanlar soni ortaveradi.
Avvalo, bu kabi o‘zgarishlar davlat uchun barqaror iqtisodiy o‘sish, soliq tushumlari, ijtimoiy sog‘lomlashuvga xizmat qiladi. Ishsizlik kamaygan, xavfsiz hudud qaror topgan joyda jinoyatga o‘rin qolmaydi. Tadbirkorlar uchun esa tayyor infratuzilma, tunu kun tinmaydigan mijozlar oqimi va biznesini xavfsiz kengaytirish imkoniyati degani. Eng muhimi, aholi uchun o‘z mahallasi yonida munosib ish va barqaror daromad manbai yaratilayotganini anglatadi. Oilalarga to‘kinlik kiradi, bolalar xavfsiz maydonchalarda ulg‘ayadi, nuroniylar e’zoz topadi.
Zamonaviy infratuzilma, milliy qadriyatlar va tadbirkorlik tashabbuslari bir-birini to‘ldiradi. Bu mahallalarimizga yangi hayot bag‘ishlayapti. Mustaqillik ne’mati ana shunday ko‘rinishda har bir xonadonga to‘kinlik, har bir oilaga ertangi kunga mustahkam ishonch bo‘lib kirib bormoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
O‘zA muxbirlari