Mehr va g‘amxo‘rlik manzili(+video)
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish va inson qadrini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada joylarda faoliyat yuritayotgan Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari aholi muammolarini o‘rganish va ularga yechim topishda muhim o‘rin tutmoqda.
Ana shunday muassasalardan biri poytaxtning Shayxontohur tumani Inson ijtimoiy xizmatlar markazidir.
Markaz o‘z faoliyati davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, yolg‘izlar, kam ta’minlangan oilalar hamda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlarga yaqin ko‘makchi bo‘lib kelmoqda.
Markaz tomonidan aholining murojaatlari asosida manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, har bir holat alohida o‘rganiladi. Ayniqsa, “Inson uchun” tamoyili asosida fuqarolarning dardini eshitish, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Markazda ijtimoiy xodimlar tomonidan uyma-uy yurish orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga psixologik, huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish choralari amalga oshirilmoqda. Bu esa aholi orasida mehr-oqibat va ijtimoiy adolat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari zamonaviy yondashuvlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli tizimlar orqali murojaatlarni tezkor qabul qilish, ijtimoiy xizmatlarni shaffof tashkil etish va aholi bilan samarali muloqot o‘rnatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Eng muhimi, Shayxontohur tumani Inson ijtimoiy xizmatlar markazi faqatgina yordam ko‘rsatuvchi muassasa emas, balki inson qalbiga umid va ishonch bag‘ishlaydigan maskanga aylanib bormoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3OLCxe8PTyY?si=RhsHf7uBzwyrRm08" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA