Senatning navbatdagi yalpi majlisi qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisini chaqirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda elektron tijorat sohasini rivojlantirish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uyg‘unlashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid qonunlar muhokama qilinadi.
Iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish, madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir qonunlar ham senatorlar muhokamasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirish, umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmatga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Yalpi majlisda parlament nazorati doirasidagi qator masalalar ham muhokama qilinadi. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan, Vazirlar Mahkamasiga tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovlari yuborish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi eshitiladi.
Kengash qaroriga muvofiq, Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisi 2026-yil 18-may kuni o‘tkaziladi.
N.Abduraimova, O‘zA