SHHT: Bosh prokurorlar jinoyatchilikka qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish sohasida hamkorlik qiladi
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Pokiston Islom Respublikasi tomonidan tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining 23-yig‘ilishida onlayn ishtirok etdi.
Unda SHHTga a’zo davlatlar Bosh prokuraturalari o‘rtasida xalqaro-huquqiy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish sohasidagi hamkorlik, shuningdek xalqaro huquqiy nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Bosh prokurori SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajriba almashish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy hamkorlik mexanizmlarini joriy etish muhimligini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar SHHT doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga sodiqlikni tasdiqlovchi bayonnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi.
N.Abduraimova,
O‘zA