Senat: Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralari o‘zgartiriladi
Senat yalpi majlisida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha fikr bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva hududlarni rivojlantirish masalasi Prezidentimiz tomonidan barcha hududlar, jumladan, Navoiy viloyati uchun ham ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilganini ta’kidladi.
– Hududlar chegaralarini maqbullashtirish esa ushbu vazifalarni amalga oshirishning muhim mexanizmlaridan biridir, – dedi T.Norboyeva. – Bunda asosiy maqsad faqatgina hududiy chegaralarni o‘zgartirish emas, balki mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish va aholining turmush sharoitini yaxshilashdan iborat. Shu nuqtai nazardan, Zarafshon shahri hududini kengaytirish masalasi ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu jarayon ortidan hududda yangi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Xususan, 250 dan ortiq sanoat ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu loyihalar hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Eng muhimi, bu jarayonlar hududlarning mavjud infratuzilmasi, aholi ehtiyojlari va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari bilan uyg‘un holda olib boriladi. Shuning uchun har bir loyiha bo‘yicha ijtimoiy infratuzilma, transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va aholi uchun zarur bo‘lgan xizmatlarni rivojlantirish masalalarini oldindan ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.
Barcha davlat idoralari va mahalliy hokimliklar bu boradagi ishlarni o‘zaro muvofiqlashtirgan holda olib borishi zarurligi, ana shundagina hududiy chegaralarni maqbullashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirishga erishish mumkin bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi Senat Raisi.

Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahrom Abdullayev Tomdi tumani hududidan 2 ming 459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilayotganini ta’kidladi.
Yangi hududlarni o‘zlashtirish natijasida 90 ta ijtimoiy soha ob’ekti, shuningdek, 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Zarafshon shahrida sanoat va ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, aholi soni va iqtisodiy faollikning ortib borishi natijasida uy-joy, ijtimoiy soha va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyoj ham oshib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, shahar chegaralarini kengaytirish uning kelgusidagi rivojlanishi uchun zarur hududiy imkoniyatlarni yaratadi.

Yangi hududlarda turar joylar barpo etish bilan bir qatorda, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, kanalizatsiya va boshqa zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash imkoniyatlari yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va mehnat bozoriga kirib kelayotgan fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Senatorlar yangi hududlarni kompleks va rejali rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, ularni shahar tarkibiga qo‘shishda faqatgina ma’muriy o‘zgartirish bilan cheklanib qolinmay, balki ushbu hududlarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kerakligini ta’kidladi.
Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA