Senat Raisi: Inson qadriga yo‘naltirilgan islohotlar – taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi va xalqaro e’tirof omili
Xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yagona maqsad — inson qadrini ulug‘lash tamoyili atrofida birlashgan. Bugun yurtimiz shu asosda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Bu Senat yalpi majlisida alohida e’tirof etildi. Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ana shu jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanganini ta’kidladi.
– Yurtimizdagi yangilanishlar va islohotlar natijalari nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv muloqotlar O‘zbekistonning mintaqaviy va global jarayonlardagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganining yaqqol tasdig‘idir. Bu holatni Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muloqotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan konstruktiv g‘oya va tashabbuslar mamlakatimizning tinchlik, barqarorlik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoq (PI)ning Yosh parlamentariylari XII Global konferensiyasi shu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida tashkil etilgan ushbu nufuzli anjumanda dunyoning 60 ga yaqin davlatidan hamda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotdan yuzlab vakil ishtirok etdi.
Konferensiyada inson huquqlari, adolat va insoniy qadr-qimmatni ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, nizolar sharoitida yoshlar huquqlari, raqamli huquqlar va xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi, munosib mehnat va yoshlar bandligi, yoshlar hamda xotin-qizlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yosh parlamentariylar o‘zaro fikr va tajriba almashdi. Ular O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar va erishilayotgan natijalarga yuqori baho berdi.
Konferensiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirish masalasi ham muhokama qilindi. Ma’lumki, barqaror rivojlanish iqtisodiy taraqqiyot bilangina cheklanmay, inson huquqlari, ijtimoiy adolat, ekologik barqarorlik va munosib turmush sharoitlarini ta’minlashni ham qamrab oladi. “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim dasturiy hujjat sifatida barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida BRMga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga oid rezolyutsiyaning qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi milliy tajribasi xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining muhim ifodasi bo‘ldi.
Global konferensiyasi yakuni bo‘yicha qabul qilingan Yakuniy hujjatda mazkur rezolyutsiya va global majburiyatlarni milliy chora-tadbirlarga tatbiq etishda parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etildi.
– Samarqanddagi xalqaro anjuman O‘zbekistonning nufuzi oshib borayotganini yana bir bor namoyon etdi. Biroq har qanday xalqaro e’tirof, avvalo, yangi mas’uliyat va vazifalarni yuzaga keltiradi. Shu nuqtai nazardan, endigi asosiy vazifamiz – Prezidentimizning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati hamda konferensiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Yakuniy hujjatda ilgari surilgan tashabbuslarni PI, BMT va boshqa xalqaro muloqot platformalarida faol ilgari surish, erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashdan iborat. Buning uchun mas’ul tuzilmalar bilan hamkorlikda aniq qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash va eng muhimi, erishilgan kelishuvlarni aniq natijaga aylantirish darkor, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, O‘zA