Moviy koshinlar jilvasida xalqaro anjumanlar markaziga aylanayotgan Xiva shahri
Prezident tashrifidan so‘ng...
Bir otaxon Xivaning tarixiy ko‘chalarida milliy hunarmandchilik buyumlarini sotyapti. Uning sayyohlar bilan ingliz va rus tillarida erkin gaplashayotganini ko‘rib, e’tiborsiz o‘tib keta olmadik.
Bu holatga hayrat bilan qaragan hamrohim to‘lqinlanib ketdi.
– Xivaga mehmon ko‘p kelayaptimi? – deydi u fransuz tilida otaxonga sinovchan nazar tashlar ekan.
Shu mahmadonaliging shartmi deganday do‘stimni yengilgina turtib qo‘ydim. Vaziyatni tez anglagan mo‘ysafid esa biroz jilmayib qo‘ydi va vazmin, lekin ishonch bilan o‘sha berilgan savol tilida javob bera boshladi.
– Oxirgi to‘qqiz yilda Xorazmda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurildi. Natijada mehmonxona fondimiz to‘rt barobar oshdi. Yana o‘ndan ortiq yangi turizm maskani ishga tushirildi. So‘nggi besh yilda esa xorijiy sayyohlar soni o‘n karra ko‘paydi, – dedi va qo‘limizga bejirimgina lavhni tutqazdi.
Biz ikki narsadan lol edik. Nahotki, otaxon fransuzchani ham yaxshi biladi? Nahotki, yaqin yillarda ham bu zaminga kelayotgan sayyohlar soni bugungidan o‘n marta kam bo‘lgan?!
Sotuvchining ta’kidlashicha, o‘sha paytlar Xorazmga bahor va kuzda – bir-ikki oy mehmon ko‘p kelgan. Boshqa paytlar ancha jimlik kuzatilgan. Ko‘chalar bugungiday istalgan faslda mehmonlar bilan gavjum bo‘lmagan.

Darhaqiqat, hududda turizm infratuzilmasi rivojlanishi mana shunday jo‘shqin yashash tarziga, insonlarning quvnoq kayfiyatiga ko‘chdi.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, tarixiy hududlarida sayyohlar oqimini to‘g‘ri boshqara olmagani sababli infratuzilmani zo‘riqtirib qo‘ygan shaharlar ham ko‘p uchraydi. Xorazmda esa bu masalada tamomila oqilona va puxta o‘ylangan strategik yondashuv qo‘llanilmoqda.
Xalqaro maydonda nufuzli anjuman, ko‘rgazma, biznes va madaniy forumlar turizmi degan muhim yo‘nalish mavjud. Shveysariyaning Davos yoki Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shaharlari aynan mana shunday nufuzli tadbirlar orqali yil davomida uzluksiz sayyohlar va investitsiyalar oqimini ta’minlaydi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 30-apreldagi tegishli hujjati asosida Xivada uchta yirik ob’ekt barpo etildi. Shu yilning 17-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu Kongress-xoll, uch yulduzli mehmonxona hamda “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyi majmualari bilan shaxsan tanishgan edi.

Keling, ushbu ob’ektlarning iqtisodiy va ijtimoiy salmog‘iga chuqurroq nazar tashlaylik.
Kongress-xollning umumiy maydoni 1,9 gektar bo‘lib, loyihaga 857 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. U zamonaviy premium uslub va Xorazm milliy me’morchiligi elementlarini o‘zida mujassam etgan. Xalqaro anjumanlar, biznes-konferensiyalar, hukumatlararo muzokaralar va madaniy forumlarni yuqori saviyada o‘tkazishga mo‘ljallangan. Majmua atrofida keng yashil hududlar va xiyobonlar barpo etildi.
Kongress-xollga tutash hududda esa 169 milliard so‘m qiymatga ega, 1,6 gektar maydonda uch yulduzli mehmonxona barpo etildi. U ham anjuman ishtirokchilari va sayyohlarga yuksak qulaylik yaratadi. To‘rt qavatli ushbu mehmonxonada 310 o‘ringa mo‘ljallangan 156 ta xona, keng vestibyul, resepshn, restoran-bar, bolalar xonasi va terrasa mavjud. Sharqona mehmondo‘stlikni zamonaviy vellness-madaniyat bilan uyg‘unlashtirgan holda, bu yerda yopiq basseyn va fitnes zonalari ham tashkil etilgani sayyohlarning oilaviy va uzoq muddatli dam olishi uchun keng sharoit yaratadi. Eng e’tiborlisi, bu yerdan Kongress-xollga, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘iga va hunarmandlar rastalariga yashil sayr yo‘laklari orqali bir necha daqiqada piyoda yetib borish mumkin.

Bundan tashqari, 2 gektar maydonni egallagan “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyi rasmiy tadbirlar va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishda vohaning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanmoqda. Bino me’morchiligida Xorazmga xos mahobatli yog‘och o‘ymakorligi ustunlari, ganchkorlik san’ati va ko‘k-firuza rangli koshinlardan mahorat bilan foydalanilgan. Uning atrofida vohaning boy tarixini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar va milliy hunarmandchilik ustaxonalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani kelayotgan mehmonlarda o‘zbek xalqining boy madaniy merosi haqida unutilmas taassurot qoldiradi.
Ushbu uchta yirik ob’ektning ishga tushirilishi aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlarga asoslangan strategik muvaffaqiyatdir. Natijada qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, yiliga 50 ming nafar sayyohga mehmonxona xizmati ko‘rsatilishi va xizmatlar eksportining 4 million dollarga yetkazilishi maqsad qilingan. Yangi ish o‘rinlarida asosan mahalliy yoshlar va xotin-qizlar mehnat qilib, o‘z oilasi bag‘rida doimiy va munosib daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

– Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, qadimiy Xorazm zaminida Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik, taraqqiyot va yangilanish ruhi tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda, – deydi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov. – Davlatimiz rahbarining ushbu majmualardan samarali foydalanish, Xivada yirik xalqaro tadbirlarni ko‘paytirish, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari voha iqtisodiyoti barqaror o‘sishiga xizmat qiladi. Xorazm turizmining navbatdagi va eng muhim bosqichi sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirishdir. Shuningdek, “Ichan-qal’a” muzey-shahriga tushayotgan ortiqcha turistik yuklamani kamaytirish maqsadga muvofiq. Odatda sayyohlar Xivaga kelib, faqat tarixiy qal’ani bir kun ichida aylanib chiqib ketgan bo‘lsa, endilikda ularni vohada bir necha kun ushlab qoladigan yangi yo‘nalishlar va zamonaviy maskanlar zarur. Shu nuqtai nazardan, Xivada barpo etilishi rejalashtirilgan va Prezidentimizga taqdimot qilingan “Vazir shahri” loyihasi o‘zining konseptual teranligi bilan ajralib turadi.
Ta’kidlanishicha, umumiy maydoni 12,3 gektar bo‘lgan ushbu shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini mujassam etadi. Eng e’tiborli jihati, uning me’moriy konsepsiyasi 1511-yilda Xiva xonligining ilk poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘iga asoslangan. Bu ajdodlarning boy shaharsozlik an’analarini zamonaviy talqinda qayta tiklash, tarixning ruhini bugungi kunga ko‘chirish deganidir.

Ushbu majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashadi. Hududning salmoqli qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratilib, sharsharali favvoralar hamda ichki ariqlar tashkil etiladi.
Bu majmua avtomobillar harakatidan xoli bo‘lib, sayyohlar va mahalliy aholi uchun piyoda sayr qiladigan tinch hududga aylanadi. Loyiha doirasida yana minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xizmatlar turi kengayishi ko‘zda tutilgan.
Xorazmda transport-logistika infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani, tezyurar poyezdlar va zamonaviy avtomagistrallar yo‘lga qo‘yilayotgani sayyohlar oqimi yanada ko‘payishiga zamin yaratmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sayyohlik xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ya’ni faqat tarixiy-ziyorat turizmi bilan cheklanib qolmay, ekologik, etnografik va sog‘lomlashtirish turizmini teng rivojlantirishni talab etadi.
Xorazm bugun qadim tarix, zamonaviy sivilizatsiya, xalqaro muloqot va yuksak taraqqiyot markaziga aylanmoqda. Asrlar davomida sayqal topgan moviy koshinlar jilvasi endilikda zamonaviy kongress-xollar, “yashil” texnologik shaharchalar va yuksak xizmat ko‘rsatish madaniyati bilan uyg‘unlashdi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi