Sayyor qabulga 300 ga yaqin murojaat kelib tushdi
Guliston shahridagi istirohat bog‘ida Sirdaryo viloyat Xalq qabulxonasining navbatdagi sayyor qabuli tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida viloyat prokuraturasi, ichki ishlar va soliq idoralari rahbarlari, shuningdek shahar hokimligi mutasaddilari ishtirok etib, fuqarolarning dardu tashvishlarini bevosita tingladi.
Ochiq muloqot, samimiy suhbat va amaliy yechimlarga yo‘naltirilgan ushbu qabul aholi faolligi bilan ajralib turdi. Qariyb 300 ga yaqin murojaat kelib tushgani bunday tadbirlarga ehtiyoj yuqori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Murojaatlarning asosiy qismi Guliston shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, Boyovut, Mirzaobod va Guliston tumanlaridan ham ko‘plab fuqarolar o‘z muammolari bilan ishtirok etdi.

Murojaatlar mazmuni tahlil qilinganda, ularning katta qismi ijtimoiy himoya, uy-joy, kommunal xizmatlar, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalarga taalluqli ekani ayon bo‘ldi. Ayniqsa, infratuzilmani, yo‘l va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga oid taklif va shikoyatlar mutasaddilar e’tibor markazida bo‘ldi.
Qabul davomida ko‘plab murojaatlar joyida hal etildi. Jumladan, hujjatlashtirishdagi kechikishlar, ijtimoiy nafaqalar tayinlash va ayrim kommunal muammolar mas’ullar ishtirokida shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murakkab masalalar bo‘yicha esa mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ularni hal etish uchun 15 kunlik muddat belgilandi.

Eng muhimi, barcha murojaatlar viloyat hokimligi tomonidan elektron tizim orqali nazoratga olindi. Bu esa har bir murojaat ortida aniq ijro va shaxsiy mas’uliyat ta’minlanishini anglatadi.
Bunday sayyor qabullar nafaqat muammolarni eshitish, balki ularga tizimli yechim topish, davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, Guliston shahrida o‘tkazilgan mazkur tadbir aholining ishonchini mustahkamlash va ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA