Chaqaloqda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida tibbiyot sohasida yana bir muhim yutuq qayd etildi. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tug‘ma anomaliya — orqa miya churrasi (spina bifida) bilan tug‘ilgan bir yarim oylik chaqaloqda murakkab neyrojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ma’lumki, orqa miya churrasi homiladorlik davrida ona organizmida kechgan turli infeksion kasalliklar, jumladan, shamollash, vitamin yetishmovchiligi yoki boshqa omillar ta’sirida shakllanadigan og‘ir tug‘ma nuqsonlardan biri hisoblanadi. Ushbu kasallikda bolaning umurtqa pog‘onasi to‘liq yopilmaydi va orqa miya hamda asab to‘qimalari tashqi muhit ta’siriga ochiq holda qoladi. Bu esa jiddiy asoratlar — harakat cheklanishi, falajlik, ichki a’zolar faoliyati buzilishi, hatto hayot uchun xavfli holatlarga olib kelishi mumkin.

Shu vaqtgacha bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari asosan respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida o‘tkazib kelingan bo‘lsa, endilikda davlatimiz rahbarining onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ixtisoslashgan tibbiy xizmatni hududlarga yaqinlashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida mazkur amaliyotlar viloyat darajasida ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Sirdaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi neyroxirurgiya bo‘limida oliy toifali neyroxirurg Shuhrat Qilichov, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi neyroxirurgiya markazi neyroxirurgi, tibbiyot fanlari nomzodi Yugay Igor Aleksandrovich hamkorligida ilk murakkab amaliyotlar amalga oshirilmoqda.

Bundan bir oy muqaddam ham bir oylik chaqaloqda shunday jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi.
Kuni kecha esa Shirin shahrida 2026-yil 26-fevral sanasida dunyoga kelgan bir yarim oylik chaqaloqda navbatdagi shunday amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi.
Amaliyotda neyroxirurg Shuhrat Qilichov va anesteziolog Anvar Muhammadiyev ishtirok etdi.
— Bizga kelganda bemorning holati qoniqarli edi. Barcha zarur laborator va instrumental tekshiruvlardan so‘ng jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik. Eng xavfli jihati shunda ediki, tug‘ma anomaliya yorilib ketgan, bu esa og‘ir infeksion asoratlar keltirib chiqarishi mumkin edi, — deydi mutaxassis.
Shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam va muvaffaqiyatli o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti natijasida hozirda chaqaloqning ahvoli yaxshi, u shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA