Sayilda qovunning o‘nga yaqin turlari namoyish etildi
Qovunning ham tili bo‘ladi deyishadi. Uning tili — ta’mi, hidi, rangi va navlarida, eng muhimi, uni yetishtirgan dehqonning mehnatida namoyon bo‘ladi. Sirdaryo qovunlarida esa vohaning quyoshi, saxovatli zamini, suvi va mirishkor bobodehqonlarning yillar davomida shakllangan tajribasi mujassam.
Guliston shahrida «Sirdaryoda biznes qiling!» xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan «Qovun sayli» va «Etno-folklor» festivali oddiy sayildan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Unda Sirdaryoning agrar salohiyati, milliy qadriyatlari, hunarmandchilik an’analari va turistik imkoniyatlari bir maydonda namoyon bo‘ldi.
Guliston shahrining Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab joylashtirilgan pavilonlarda viloyatning turli hududlaridan keltirilgan qovunlar bir-biridan shakli, rangi, hidi va ta’mi bilan ajralib turdi. «Ko‘kcha», «Amiri», «Obi novvot», «Bo‘rikalla», «Kampirchopon», «Oq urug‘», «Shakarpalak», «Ko‘k kallapo‘sh», «Dahbedi», «Sherozi», «Toshloqi», «Gulobi», «Barginay», «Gurvak» kabi o‘nlab navlar mehmonlar e’tiborini tortdi.
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamrohligida xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar, rasmiy delegatsiyalar, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar «Qovun sayli» va «Etno-folklor» festivalida ishtirok etishdi. Ular nafaqat qovun yetishtiruvchi bobodehqonlar bilan suhbatlashib, ularning mehnati va tajribasi bilan tanishdi, balki Sirdaryoning o‘ziga xos milliy brendlari, folklor va etnografik an’analariga ham guvoh bo‘ldi. Folklor jamoalari ijrosidagi milliy va xalqona qo‘shiqlar mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Bir qarashda ularning barchasi qovundek. Ammo har bir navning o‘z tarixi, yetishtirish usuli, ta’mi va xaridori bor. Biri asaldek shirinligi, yana biri novvotdek mayin ta’mi, boshqasi esa xushbo‘yligi va sershiraligi bilan ajralib turadi.
[gallery-31133]
Sayilda qovunning o‘zi bilan cheklanib qolinmadi. Undan tayyorlanadigan qoqi, murabbo, shinni, povidlo, sharbat va boshqa mahsulotlar ham namoyish etildi. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish, yangi daromad manbalarini shakllantirish va eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi.
Sayilda yetakchi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi klasterlari, korxona va tashkilotlar uchun alohida pavilonlar tashkil qilinib, qovun navlarining ko‘rgazma-savdosi yo‘lga qo‘yildi. Mehmonlar nafaqat mahsulotlarni tomosha qilish, balki ularni tatib ko‘rish, yetishtirish tajribasi bilan tanishish va dehqonlar bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishdi.
Sirdaryo vohasining tabiiy-iqlim sharoiti polizchilik uchun qulay. Issiq va quyoshli kunlar, tuproq xususiyatlari, suv resurslaridan oqilona foydalanish va, eng muhimi, dehqonlarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tajribasi bu yerda yetishtirilayotgan qovunlarning o‘ziga xos ta’mi va sifatini belgilaydi.
Biroq yaxshi qovunni yetishtirishning o‘zi yetarli emas. Uni o‘z vaqtida yig‘ish, saralash, saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va bozorga yetkazish ham katta mehnat va bilim talab qiladi. Shu jihatdan, Sirdaryoda qovunchilikni oddiy polizchilik tarmog‘i emas, balki qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash, savdo, eksport va agroturizmni birlashtiruvchi muhim yo‘nalish sifatida rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Qovunchilikda hududning tabiiy-iqlim sharoiti ham muhim ahamiyatga ega. Viloyatning, ayniqsa, Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod va Xovos tumanlaridagi tuproq-iqlim sharoiti, suv ta’minoti va quyoshli kunlarning ko‘pligi poliz ekinlari, xususan, qovun yetishtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Shu bois mazkur hududlarda faoliyat yuritayotgan 441 ta fermer xo‘jaligi va 3 ta agroklasterga qarashli 10,9 ming gektar yer maydonida «Oq urug‘», «Chillaki», «Amiri», «Obi novvot» kabi xaridorgir qovun navlari yetishtirilib, mo‘l hosil olinmoqda. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan 5,1 ming gektar yer maydoniga takroriy ekin sifatida «Qorakul», «Qirqma» kabi kechki qovun navlari ekildi.
Buning ahamiyati shundaki, qovunchilikda asosiy mavsum bilan cheklanib qolmasdan, yerdan yil davomida samarali foydalanish, takroriy ekinlar hisobiga qo‘shimcha daromad olish va bozor talabini uzoqroq muddat davomida qondirish imkoniyati yaratilmoqda.
Ahamiyatlisi, o‘tgan yili sirdaryolik mirishkorlar tomonidan jami 16,0 ming gektar maydonda qovunning bozorgir va eksportbop navlari yetishtirilib, ichki va tashqi bozorlarga 366,2 ming tonna mahsulot yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich viloyatda qovunchilik nafaqat ichki iste’molni ta’minlovchi tarmoq, balki tashqi bozor uchun ham raqobatbardosh mahsulot yetishtirishga qodir muhim yo‘nalishga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
— Bugun Sirdaryoda o‘tkazilayotgan «Qovun sayli»ga vohaning saxovatli zaminida yetishtirilgan eng xaridorgir navlardan saralab kelinmoqda. Sayilda qovunning 9–10 turdagi navlari bilan bir qatorda, qariyb 1000 tonna qovun, tarvuz va oshqovoq mahsulotlari namoyish etilmoqda. Tadbir yakunida ushbu mahsulotlarning aholiga tarqatilishi ham sayilning xalqchil va ezgu maqsadlarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimligining, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati mudiri Abror Allayorov.
Ayniqsa, bu jarayonga yoshlarning faol kirib kelayotgani e’tiborga molik.
Mirzaobod tumanida Prezidentning 2024-yil 5-apreldagi yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan qarori asosida «Bir kontur — bir mahsulot» tamoyili bo‘yicha 484 nafar yoshga 251 gektar yer maydoni ajratilgan.
— Yoshlar «Nima bo‘lar ekan?» deb emas, «Qanday qilib sifatli mahsulot yetishtirib, daromad olish mumkin?» degan savol bilan ishga kirishdi, — deydi Mirzaobod tumani hokimining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev.
Bugun ularning yer maydonlarida «Oq urug‘», «Obi novvot», «Chillaki», «Bosvoldi», «Ko‘kcha», «Amiri» kabi bozorbop qovun navlari yetishtirilmoqda. Demak, ajratilgan yer yoshlar uchun nafaqat bandlik, balki tadbirkorlik va barqaror daromad manbaiga ham aylanmoqda.
Oqoltinlik Kamoliddin Xonto‘rayevning natijasi bunga yaqqol misol. U bu yil 50 sotix yerda «Obi novvot» navidan mo‘l hosil oldi. Mavsum davomida ushbu maydondan 50–60 million so‘m daromad olgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 100 million so‘mga yetishi kutilmoqda.
Yangihayot mahallasida esa 152 gektar yer 352 nafar yoshga 30–50 sotixdan taqsimlangan. Moliyaviy imkoniyati cheklangan yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilib, ularga agronomlar va mahalliy mutaxassislar biriktirilgan. Ya’ni yoshlarga faqat yerning o‘zi emas, balki uni daromad manbaiga aylantirish uchun zarur bilim va amaliy ko‘mak ham berilmoqda.
Bu tajriba bir haqiqatni ko‘rsatadi: qishloq xo‘jaligida yer ajratishning o‘zi kifoya emas. Yer, bilim, moliyaviy ko‘mak, bozor va xaridor yagona zanjirga birlashgandagina yosh dehqonning mehnati barqaror daromadga aylanadi.
Alisher Navoiy ko‘chasidagi tadbir esa qovunchilik bilan bir qatorda Sirdaryoning milliy madaniyati va san’atini ham keng namoyish etdi. «Etno-folklor» festivali doirasida konsert dasturlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, amaliy san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy liboslar namoyishi, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari hamda badiiy va folklor jamoalarining jonli ijrolari tashkil etildi.
Har bir tuman uchun alohida maydon ajratilib, ularning o‘ziga xos folklor-etnografik an’analari namoyish etildi. Shu tariqa sayil bir vaqtning o‘zida qishloq xo‘jaligi yarmarkasi, milliy madaniyat ko‘rigi va turistik tadbir vazifasini bajardi.
— «Qovun sayli» va «Etno-folklor» festivali forum doirasida o‘tkazilgan oddiy tadbir emas. U Sirdaryoning turistik salohiyatini keng targ‘ib etish, vohaning o‘ziga xos milliy qadriyatlari, hunarmandchiligi, folklori va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bir butun turistik brend sifatida namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, tadbirda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlarning ishtirok etayotgani Sirdaryoni xalqaro miqyosda yanada keng tanitish uchun katta imkoniyat yaratmoqda.
Bugun sayyoh faqat tarixiy obida yoki diqqatga sazovor maskanni ko‘rish bilan cheklanmaydi. U hududning madaniyati, milliy taomlari, urf-odatlari, hunarmandchiligi va o‘ziga xos mahsulotlariga ham qiziqadi. Shu ma’noda, «Sirdaryo qovunlari» kabi o‘ziga xos brendlarni «Etno-folklor» an’analari bilan uyg‘unlashtirish orqali viloyatda yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish mumkin.
Eng muhimi, bunday tadbirlar bir kunlik sayil bilan cheklanib qolmasdan, Sirdaryoning turistik imijini yil davomida targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Kelgusida qovunchilik bilan bog‘liq agroturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, sayyohlarni qovun yetishtirish jarayoni bilan tanishtirish, fermer xo‘jaliklariga tashriflarni tashkil etish, mahalliy mahsulotlarni turistik sovg‘a va suvenirlar sifatida keng targ‘ib qilish bo‘yicha imkoniyatlarimiz juda katta, — deydi Sirdaryo viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shohrux Isaqulov.
— Bir-biridan nomi va ko‘rinishi bilan ajralib turuvchi qovunlarning biri asal ta’mini, yana biri novvot ta’mini beradi. Hidini aytmaysizmi — dimog‘ni qitiqlaydi. Bunday sayilda nafaqat qovun, balki Sirdaryoning mehnati, madaniyati va mehmondo‘stligini ham his qilasiz, — deydi festivalga tashrif buyurgan urgutlik mehmon Murod Ashurov.
— Har yili Gulistonda o‘tkaziladigan «Qovun sayli»ni intizorlik bilan kutaman. Bu yilgi sayil o‘tgan yilgisidan tubdan farq qildi. Namoyish etilgan qovun navlari ham, ularning xilma-xilligi ham ancha ko‘paygan. Bozor narxidan arzon sotilayotgani esa odamlar uchun yana bir qulaylik. Ushbu tadbirga nafaqat o‘zim, yaqinlarim bilan birga tashrif buyurdim. Chunki Qashqadaryo zamini ham Sirdaryo zamini singari saxovatli. Shirindan-shirin mevalari, tilni yorgudek qovunlari bor. Ammo Mirzacho‘lning «Obi novvot», «Oq urug‘», «Amiri», «Ko‘kcha» kabi qovunlarining ta’mi o‘zgacha. Bir tatib ko‘rgan kishi keyingi yil qovun pishig‘igacha shuni qo‘msaydi, — deydi chiroqchilik Baxtiyor Mamanov.
«Sirdaryo qovunlari» bugun vohaning o‘ziga xos brendiga aylanib bormoqda. Bu tushuncha oddiy mahsulot nomidan kengroq ma’no kasb etmoqda. Unda vohaning tabiiy imkoniyatlari, dehqonchilik an’analari, fermerlarning tajribasi, yoshlarning tashabbusi, qayta ishlash imkoniyatlari va eksport salohiyati bir nuqtada birlashmoqda.
Qolaversa, qovunchilikning agroturizm bilan uyg‘unlashib borayotgani Sirdaryo uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Chunki bugun sayyoh muayyan hududga nafaqat tarixiy obidalar yoki tabiat manzaralarini ko‘rish uchun, balki shu zaminda qanday mahsulot yetishtirilishi, uning tarixi va uni yaratayotgan insonlar mehnati bilan tanishish uchun ham tashrif buyuradi.
Sirdaryo uchun qovun ana shunday o‘ziga xos turistik brendga aylanishi mumkin. Quvonarlisi, forum doirasida tashkil etilgan «Qovun sayli» va «Etno-folklor» festivalining qamrovi yildan-yilga kengayib, unda ishtirok etayotganlar, mehmonlar va xorijliklar soni ortib bormoqda. E’tiborli jihati, bu yilgi forum va festivalda 20 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan mehmonlar, rasmiy delegatsiyalar, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar ham ishtirok etishdi. Bu esa «Qovun sayli» oddiy mavsumiy tadbirdan viloyatning iqtisodiy va turistik imijini targ‘ib etuvchi keng ko‘lamli maydonga aylanib borayotganini ko‘rsatadi. Forum doirasida tashkil etilgan qovun sayli va etno-folklor festivali nafaqat yurtimizning turli go‘shalaridan tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlarda ham katta taassurot qoldirdi.
— Sirdaryo qovunlari haqiqatan ham shirin. Jahonning ko‘pgina davlatlarida bo‘lganman. U yerlarda ham qovun yetishtiriladi. Ammo O‘zbekistonda, ayniqsa, Sirdaryoda yetishtiriladigan, bir-biridan nomi va turi bilan farq qiluvchi qovunlarning ta’mi, shakli va xilma-xilligi o‘zgacha. Qovun festivalida taqdim etilgan va namoyish qilingan navlarni ko‘rib, hayratimga yana hayrat qo‘shildi. Buning uchun shu zaminda yashayotgan, mehnat qilayotgan bobodehqonlarga qancha rahmat aytsang kam, — deydi xitoylik mehmon Chin Chan.
Haqiqatdan ham, Sirdaryo yerlari saxovatli. Unda yetishtirilgan qovunlarda quyoshning harorati, zaminning saxovati, suvning barakasi, dehqonning peshona teri va avlodlar tajribasi bor. Shu bois «Sirdaryo qovunlari» — shunchaki poliz mahsuloti emas. U — voha mehnati, dehqon mahorati, zamin saxovati va yangi iqtisodiy imkoniyatlarning shirin timsoli.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA