Saudiya raketa va dron hujumini qaytardi
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab koalitsiyasi kuchlari Xamis-Mushayt va Jizon hududlariga yo‘naltirilgan ballistik raketa hamda uchuvchisiz uchoqlarni yo‘q ildi.
Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar bergan. Guruh rasmiy vakili, brigada generali Turkiy Al-Molikiy ijtimoiy tarmoq orqali bayonot berishicha, havo mudofaa tizimi tomonidan 2 raketa va 4 hujumkor dron havoda zararsizlantirilgan.
General zarba aynan qaysi nuqtalardan yo‘naltirilganini ochiqlamagan bo‘lsa-da, koalitsiya Yamandagi xusiylarni jilovlash bo‘yicha tezkor chora ko‘rish davom etishini ta’kidladi. Shuningdek, Al-Molikiy ikki kun oldin xusiylar dron bilan Madina shahridagi “Tayba” elektr stansiyasiga ham hujum uyushtirganini eslatdi.
Yamandagi fuqarolar urushi 2014-yil sentabr oyidan beri davom etyapti. O‘shanda xusiylar mamlakat poytaxti Sano va bir necha viloyatni egallab olgan. Saudiya yetakchiligidagi Arab koalitsiyasi esa 2015-yil mart oyidan buyon Yamanning xalqaro tan olingan rasmiy hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA