Rossiya Kaliningrad qamal qilinsa, yadroviy qurol qo‘llashga tayyorligini bildirdi (+video)
Agar NATO davlatlari Kaliningrad viloyatini Rossiya hududidan uzib qo‘yishga urinsa, Moskva har qanday, jumladan yadro qurolini ham qo‘llashi mumkin. Bu haqda RFning Irlandiyadagi elchixonasi bayonotida aytilgan.
Moskva Yevropaning bir necha davlatiga nisbatan harbiy bosqin tayyorlanayotgani, shuningdek gibrid hujum kuchaytirilayotgani haqidagi iddaoni qat’iy inkor etmoqda. Kreml fikricha, Rossiya tahdidi bilan bog‘liq bunday bayonotlar mudofaa xarajatini oshirish, Yevropani har tomonlama harbiylashtirish hamda Ukrainaga moliyaviy, harbiy va siyosiy yordam ko‘rsatishda davom etishni oqlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, ayni payt Rossiya milliy xavfsizligiga G‘arbdan yaqqol tahdid kelmoqda. Ayni fikrni tasdiqlash uchun NATO tomonidan Rossiyaning butun g‘arbiy chegarasi bo‘ylab harbiy faoliyat kuchaygani, xususan Litva, Polsha va Fransiya ishtirokida harbiy mashg‘ulot o‘tkazilgani misol tariqasida keltirilgan.
Litva Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mashqdan ko‘zlangan maqsad – Polsha bilan chegarada joylashgan, Boltiq bo‘yidagi davlatlarni Yevropa Ittifoqi bilan bog‘lab turuvchi Suvalki yo‘lagini tezkor va samarali himoya qilish ko‘nikmasini takomillashtirish. Ruslarning fikricha, mashg‘ulot RF eksklavi – Kaliningrad viloyatiga qarshi qaratilgan.
29-sentabr kuni NATO rasmiy vakili Ellison Xart DW nashriga Moskva tomonidan ilgari surilgan ayblovga nisbatan yondashuvni izohladi. Uning ta’kidlashicha, faqat mudofaa maqsadini ko‘zlovchi Alyansning hech bir harakati Rossiyaning biror qismi uchun xavf tug‘dirmaydi.
Ayni payt Bosh kotib Mark Ryutte Bryusselda jurnalistlar oldida Rossiya NATOga qarshi qaratilgan dushmanlik harakatidan iborat kampaniyani davom ettirayotganiga urg‘u berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot Ukraina uchun yanada ko‘proq ish qilishni rejalashtirgan.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, (video) O‘zA