“Saudi Aramco” Turkiyaning yirik energetika kompaniyasiga sherik bo‘lmoqchi
Saudiya Arabistoni davlat nazoratidagi energetika giganti “Saudi Aramco” Turkiyaning “Güzel Enerji” kompaniyasi bilan sheriklik o‘rnatish arafasida.
“Total Energies”, “M Oil”, “Valvoline” va “Türk Petrol” brendlarini birlashtirgan korxonaning 30 foiz aksiyasini “Aramco” ixtiyoriga o‘tkazish bo‘yicha muzokara yakuniy bosqichga kirdi.
Dunyodagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri hisoblangan “Saudi Aramco” anchadan beri Turkiya bozorida sherik izlayotgan edi. Kompaniya vakillari davomli muloqotdan so‘ng “Ordu” ko‘mak jamg‘armasi (OYAK)ga tegishli “Güzel Enerji” kompaniyasi ma’lum ulushini olishga qaror qildi. Bitim imzolansa, mamlakat Raqobat kengashi ruxsati bilan tegishli yonilg‘i quyish shoxobchalarida brend nomi o‘zgarishi kutilyapti.
“OYAK Energy Companies” direktorlar kengashi raisi O‘g‘ur Dogan yaqinda bergan bayonotida hamkorlik va tijorat masalasi muhokama etilayotganini ma’lum qildi.
N.Qayumova, O‘zA