Belgiyadagi “asr yong‘ini” jilovlandi
Belgiya sharqidagi Xay-Fens qo‘riqxonasida bir haftadan beri davom etgan yirik yong‘in to‘liq nazoratga olindi. Mamlakat tarixida so‘nggi bir asrdagi eng katta yong‘inlardan biri bo‘lgan hodisa botqoqliklar, qarag‘ayzorlar va sayyohlik yo‘laklarining katta qismini vayron qilgan. Rasmiylar hozircha alanganing qayta kuchayish xavfi saqlanib qolayotganini bildirmoqda.
Olovni jilovlash ishlarida 350 nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchi va qutqaruvchi ishtirok etmoqda. Germaniya, Norvegiya, Belgiya va Shvetsiyadan jalb qilingan 7 ta samolyot yong‘in hududiga suv sepishda, fermerlar esa maxsus texnikasi bilan qutqaruv ishlariga yordam bergan. Kuchli shamol va murakkab botqoqli hudud operatsiyani yanada qiyinlashtirgan, hatto yaqin atrofdagi shaharchalardan birida kichik tornado ham kuzatilgan.
Alanga sababi hozircha aniqlanmagan. Mutaxassislar hududdagi yuqori harorat va quruq sharoit yong‘inning tez tarqalishiga qulay muhit yaratganini ta’kidlamoqda. Rasmiylar olovni to‘liq o‘chirish uchun hududni haftalar, hatto oylar davomida namlab turish talab etilishini aytgan.
Vaziyat barqarorlashgach, chegara hududidagi evakuatsiya choralari bekor qilindi va aholiga uylariga qaytishiga ruxsat berildi. Yevropaning bir qator mamlakatlarida esa issiq va quruq ob-havo sababli yirik yong‘inlar davom etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA