Sanoat taraqqiyotidagi samaradorlik
Buxoro viloyatida sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, to‘qimachilik sohasida tashkil etilayotgan zamonaviy korxonalar nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda, balki yuzlab insonlar uchun doimiy ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda. Qorako‘l tumanida faoliyat yuritayotgan “Qorako‘l kumush kalava” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday ilg‘or korxonalardan biri hisoblanadi.
Mazkur fabrika ip-kalavani qayta ishlab, undan yarim tayyor va tayyor matolar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida o‘z faoliyatini kengaytirib, ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirishga erishdi. 3,5 gektar maydonda barpo etilgan zamonaviy korxona bugungi kunda nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki mamlakat eksport salohiyatiga ham munosib hissa qo‘shmoqda.

Korxonada ayni paytda 400 nafardan ortiq ishchi va mutaxassislar muntazam faoliyat olib bormoqda. Ular uchun yaratilgan qulay va zamonaviy mehnat sharoitlari ish unumdorligini oshirish bilan birga, xodimlarning ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, ushbu ish o‘rinlari orqali yuzlab oilalar barqaror daromad manbaiga ega bo‘lib, turmush farovonligini yaxshilash imkoniga erishmoqda.
Fabrikada ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ham e’tiborga loyiq. Bu yerda yiliga 10 million pogon metr yuqori sifatli mato va 3 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro bozorlarda ham yuqori talabga ega. Xususan, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Belorus kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Eksport hajmi esa 7 million dollardan ortiqni tashkil etib, korxonaning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.

Shu bilan birga, korxona yoshlar uchun amaliy tajriba maktabiga aylangan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ishlab chiqarish jarayoni yosh mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, ularni raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.
“Qorako‘l kumush kalava” MCHJ faoliyati sanoatni modernizatsiya qilish, eksportni kengaytirish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi islohotlarning amaliy ifodasidir. Bunday korxonalar nafaqat hudud iqtisodiyotini yuksaltirishga, balki mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy nufuzini oshirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.