Energetika sohasida zamonaviy yechimlar joriy etiladi
Qibray tumanida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda xalqaro energetika kompaniyasi – ACWA Power rahbari Mohammad Abunayan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv viloyatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, yirik energetika loyihalarini amalga oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi. Tomonlar muzokaralar chog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, hududning energiya ta’minotini barqarorlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qildi.

Shuningdek, Zoyir Mirzayev tomonidan Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, qulay geografik joylashuvi va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar alohida ta’kidlandi. Viloyat delegatsiyasining bir muddat avval Saudiya Arabistoniga qilgan amaliy tashrifi va unda erishilgan kelishuvlar, asos solingan loyihalarning borishi xususida fikr almashildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish hamda energetika sohasida zamonaviy yechimlarni joriy etish borasida batafsil to‘xtaldi.

Uchrashuvda mehmonlarga xalqimizning boy madaniy merosi va milliy qadriyatlari namoyish etildi. Delegatsiya samimiy va o‘zbekona mehmondo‘stlik ruhida kutib olindi. Samimiy suhbatda mehmonlar o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, qadriyatlarga sodiqligi va boy an’analariga yuqori baho berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hamkorlikni izchil davom ettirish hamda o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
A.Musayev, O‘zA