Sanjar Jalmurodov: Paxtani sotish emas, qiymat yaratish muhim (+Video)
Paxta daladan terib olinganida hali uning haqiqiy qiymati to‘liq namoyon bo‘lmaydi. U ipga, matoga, keyin esa tayyor kiyimga aylangan sari qiymati ham, undan olinadigan daromad ham ortib boradi.
Bugungi to‘qimachilik sanoatidagi asosiy maqsad ham ana shu — o‘zimiz yetishtirgan paxtani chuqur qayta ishlab, uni jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan sifatli mahsulotga aylantirish.
“Saas Teks Invest” MCHJ direktori Sanjar Jalmurodovning aytishicha, bu jarayonda gap faqat eksport hajmini oshirish haqida emas. Muhimi, qanday mahsulotni va qaysi qiymatda eksport qilayotganimizda.
— Bizda paxta bor, endi uning imkoniyatidan to‘liq foydalanishimiz kerak. Paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarilib, keyin mato to‘qib, bo‘yaladi va tayyor mahsulotga aylantiriladi. Har bir bosqichda mahsulotga qo‘shimcha qiymat qo‘shiladi. Shuning uchun kelajakni xomashyo emas, tayyor va sifatli mahsulot eksportida ko‘ramiz,—deydi Sanjar Jalmurodov.
—Ayniqsa, tashqi bozorda sifat masalasi birinchi o‘rinda turadi. Yevropa va Amerika bozorlariga kirish uchun mahsulot xalqaro talablarga javob berishi, dizayni, matosi va ishlab chiqarish sifati bilan raqobatlasha olishi kerak. Shu sababli korxonada nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki yangi texnologiyalarni joriy etish, malakali dizayner va texnologlar bilan ishlashga ham e’tibor qaratilmoqda.
Korxonamiz trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Mahsulotlarimiz hozir Yevropa va Amerika davlatlariga eksport qilinmoqda. Keyingi maqsad — Yaqin Sharq va Afrika bozorlarida ham o‘rnimizni mustahkamlash. Eksport geografiyasining kengayishi esa o‘z-o‘zidan mahsulot sifati va raqobatbardoshligiga qo‘yiladigan talabni ham oshiradi.
— Bugun biz uchun asosiy vazifa shunchaki ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish emas. Uni sifatli qilib, xaridor talab qiladigan darajaga olib chiqish kerak. O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan mahsulot xorij bozorida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi — biz intilayotgan natija, —deydi S.Jalmurodov.
—Ayni paytda korxonada qariyb 500 nafar inson mehnat qilmoqda. Yillik eksport hajmi 4–5 million dollar atrofida. Tikuv, mato va ipni qayta ishlash yo‘nalishlarining yo‘lga qo‘yilgani esa paxtaning bir necha bosqichda qayta ishlanib, tayyor mahsulotga aylanishini ta’minlamoqda.
O‘zbekiston tekstil sanoati uchun keyingi qadam — oddiy mahsulotlardan yuqoriroq qiymatga ega, o‘z brendi va dizayniga ega mahsulotlar ishlab chiqarish. Chunki jahon bozorida endi faqat «O‘zbekiston paxtasi» emas, «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulot» degan tushunchani mustahkamlash muhim.
N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
S.Obidjonov (montaj),
O‘zA