O‘zbekiston qovunlarining Skandinaviyaga eksporti kengaymoqda (+video)
O‘zbekiston meva-sabzavotlari talabchan Yevropa bozorlariga chiqmoqda. Qat’iy sifat standartlariga javob bergan mahsulotlar Skandinaviya rastalaridan munosib joy egalladi.
2025-yilda O‘zbekiston 2.2 million tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilgan va ularning umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq. Xalqaro bozorlarga chiqarilgan mahsulotlarning 233 ming tonnadan ziyodi tarvuz va qovun mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
E’tiborli jihati, mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar oziq-ovqat xavfsizligi borasida qat’iy talablarni belgilagan Yevropa Ittifoqi davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Ya’ni, nafaqat eksport hajmini oshirish, balki sifatli mahsulot yetishtirish choralari ko‘rilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi bilan olib borilgan muzokaralari natijasida mahalliy qovun fitosanitariya talablari asosida Skandinaviya davlatiga yo‘naltirildi.
- O‘zbekistonning meva-sabzavotlari eksporti uchun Skandinaviya bozorlari, ya’ni Shvetsiya, Norvegiya, Daniya istiqbolli davlatlar sifatida ko‘rilmoqda, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Muhammadali Baxtiyorov. – O‘tgan yilning shu davrida Shvetsiyada milliy mahsulotlarimiz targ‘iboti, ya’ni O‘zbekiston mahsulotlari savdo yarmarkasi o‘tkazilgan. Ushbu yarmarka doirasida bir qator savdo tarmoqlari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportchi korxonalarimiz bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarimizning savdo rastalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtirilishi bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgandi. Ushbu kelishuvlar sabab bir qator mahsulotlarimiz hozirda Shvetsiya, Norvegiya, Daniya davlatlaridagi savdo tarmog‘i rastalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilinmoqda.
Ayni vaqtda Shvetsiya bozoriga mahsulotlar turini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Milliy brend ostida qadoqlangan quritilgan meva va yong‘oqlarni sotuvga chiqarish bo‘yicha ham muzokaralar davom etyapti. Eksport geografiyasining kengayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar, yangi xaridorlar va qo‘shimcha imkoniyatlar deganidir.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA