Sangardak yanada fayzli, gavjum go‘shaga aylanmoqda
Yozning chillasi. Oltinsoy tumanida yashaydigan bir tanishim “Sangardak” turizm markazida bo‘lib kelganini maroq bilan hikoya qildi. Go‘zal tabiat qo‘ynida dam oluvchilarga yaratilgan sharoitlardan juda mamnun bo‘lganini aytib qoldi.
– Bundan avval ham Sangardakda bo‘lganmiz, – deydi u hayajon bilan. – Yoz faslida mashhur sharsharasini miriqib tomosha qilganmiz. Bu safar kelganimizda qiyofasini tubdan o‘zgartirib, chindan ham chet ellardagidek zamonaviy turizm maskaniga aylangani bizda katta taassurot uyg‘otdi. Tog‘ qo‘yniga yarashgan turli xizmat ko‘rsatish nuqtalari barpo etilib, ishga tushirilibdi. Xizmat ko‘rsatuvchilarning muomalasi ham shirin. Dilingiz yayraydi.

– Bu hali boshlanishi, – deyman tanishimga. – Qurilish ishlari davom etmoqda. Adashmasam Sangardakda qiymati 76 million dollarlik 152 ta loyiha amalga oshiriladi. Hozir ularning 40 ga yaqini ishga tushirildi, xolos.

Sangardak haqidagi gurungimiz ancha davom etdi. Tanishim farzandlari bilan miriqib hordiq chiqarganiyu, tog‘ qo‘ynidagi taassurotlarini quvonch bilan so‘zlab berdi.

Shu paytgacha mahalliy va xorijlik sayyohlar Surxondaryo viloyatidagi dunyoga mashhur sharsharaning shovullagan suvlarini tomosha qilib, salqin tog‘ qo‘ynidagi go‘zallikdan bahra olish uchun kelgan bo‘lsa, endilikda maftunkor tabiat qo‘ynidagi zamonaviy turistik xizmatlardan foydalanib, unutilmas taassurotlar bilan qaytmoqda. Buning uchun betakror tabiat qo‘ynidagi mashhur sharsharasi atrofida 615 gektar maydonda “Sangardak” turizm maskani qurilib, yanada fayzli, sayyohlar bilan gavjum go‘shaga aylantirilmoqda. Hududda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bunyod etgan 1 ming 535 metr uzunlikdagi zamonaviy dor yo‘li bu yerga kelganlarga tog‘lar uzra parvoz qilgandek hayajonli hissiyotni tuhfa etmoqda. Mehmonlar qishloqning musaffo havosidan to‘yib nafas olib, dor yo‘li orqali jozibador manzaralarni tomosha qilmoqda.

Avstriyaning “Doppelmayr Seilbahnen GmbH” kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan zamonaviy dor yo‘li yiliga o‘rtacha 800 ming kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Turistik markaz hududida sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun 14 kilometr ichimlik suvi, 4,2 kilometr oqova suv va 3,2 kilometr elektr tarmog‘i tortildi. Uchta suv rezervuari, 8 ta transformator punkti barpo etildi. To‘rt kilometr yo‘l asfaltlanib, qulay infratuzilma yaratildi.

Ayni paytda Sangardakka kelayotgan mehmonlar ziplayn attraksioni, ko‘l bo‘ylab qayiq sayri xizmati, tog‘ halinchagi, zamonaviy dam olish va shale uylari hamda zamonaviy restoranlar kabi yangi xizmat shoxobchalaridan foydalanib, dam olish kunlarini sermazmun, serzavq o‘tkazmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yil yoz faslida bir kunda turizm markaziga yetti minggacha sayyoh kelib, bu yerdagi xizmatlardan foydalandi. Oltin kuz faslida ham sangardakliklar har kuni bir yarim ikki ming mehmonni kutib olib, kuzatmoqda. Uzoq-yaqindan kelayotgan sayyohlarning quvonchu hayajonlariga sherik bo‘lib, ularga sifatli xizmatlar ko‘rsatayotir. Turistlarni maftun etayotgan xushmanzara hududda loyiha doirasidagi qurilish ishlari ham qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri